O‘zbekiston va Ispaniya oliy ta’lim muassasalari forumi doirasida xalqaro hamkorlik kelishuvlariga erishildi

Kuni kecha Ispaniyaning Madrid shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston va Ispaniya oliy ta’lim muassasalari forumi doirasida O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qator xalqaro hamkorlik kelishuvlariga erishildi.

Xususan, forum doirasida Ispaniyaning ikki yetakchi oliy ta’lim muassasasi hamda universitet klinikasi bilan ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Mazkur hamkorlik ta’lim, ilmiy-tadqiqot faoliyati va amaliy tibbiyot sohalarida o‘zaro tajriba almashish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

Tomonlar talabalar va professor-o‘qituvchilar akademik mobilligini kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, malaka oshirish kurslari va stajirovkalarni tashkil etish, shuningdek, zamonaviy tibbiy texnologiyalar va innovatsion yondashuvlarni o‘quv hamda klinik amaliyotga joriy etish masalalarida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

Shuningdek, universitet klinikalari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida klinik faoliyatni rivojlantirish, murakkab kasalliklarni diagnostika va davolash bo‘yicha ilg‘or tajribalarni almashish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy konferensiyalarni tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.

Mazkur kelishuvlar O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi oliy ta’lim hamda sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqaro akademik aloqalarni kengaytirish va zamonaviy ta’lim hamda tibbiyot standartlarini joriy etishga xizmat qiladi.
Forum doirasida olib borilayotgan muzokaralar va erishilayotgan kelishuvlar ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Rasmiy sahifalarimiz!

Telegram | Facebook | Instagram| YouTube | X | Linkedin