Toshkent davlat tibbiyot universitetida 300 nafardan ortiq magistrga diplom topshirildi

Bugun Toshkent davlat tibbiyot universitetining 1-son Akademik litseyida magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga magistrlik diplomlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbirda universitet rektori, professor Shuxrat Boymuradov, prorektorlar, professor-o‘qituvchilar, magistrlar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Tadbir davomida 300 nafardan ortiq magistrga davlat namunasidagi magistrlik diplomlari tantanali ravishda topshirildi. Marosimda so‘zga chiqqan universitet rektori Shuxrat Boymuradov bitiruvchilarni ushbu muhim hayotiy bosqich bilan samimiy tabriklab, ularning kelgusidagi ilmiy va kasbiy faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Ta’kidlanganidek, bugungi magistrlar nafaqat chuqur nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar, balki mamlakat sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiyot ilm-fanini yuksaltirish hamda zamonaviy tibbiy xizmat sifatini oshirishda munosib hissa qo‘shadigan salohiyatli kadrlardir.
Diplom topshirish marosimi bitiruvchilar uchun unutilmas lahzalarga boy bo‘lib, tantanali muhitda o‘tdi. Tadbir yakunida magistrlar ustozlariga minnatdorlik bildirib, esdalik suratlariga tushdilar.

Rasmiy sahifalarimiz:

Telegram | Facebook | Instagram| YouTube | X | Linkedin

Leave a comment