
Toshkent davlat tibbiyot universitetida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida professor-o‘qituvchilar, talabalar va yosh mutaxassislar ishtirokida “Yoshlar bilan uchrashuv” tashkil etildi.
Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori, yuridik fanlari doktori (DSc) Akmal Burxanov hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari Jaloliddin Asamutdinov ishtirok etib, sog‘liqni saqlash tizimida halollik tamoyillarini qaror toptirish, korrupsiyaga nisbatan mutlaqo murosasiz munosabatni shakllantirish hamda yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish masalalari yuzasidan ma’ruzalar qildilar.
Uchrashuv davomida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida amalga oshirilayotgan “Halollik vaksinasi” tashabbusi, tibbiyot sohasida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan zamonaviy yondashuvlar, bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura talabalari uchun joriy etilgan maxsus o‘quv modullari hamda amaliyotdagi tibbiyot xodimlari uchun tashkil etilgan malaka oshirish dasturlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, ochiq muloqot formatida o‘tgan tadbirda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, korrupsiyaga qarshi kurashish, kasbiy etika, halollik va shaffoflik tamoyillarini amaliyotda qo‘llash yuzasidan atroflicha javob oldilar.
Mazkur uchrashuv bo‘lajak shifokorlar qalbida halollik, mas’uliyat, kasbga sadoqat va qonun ustuvorligi tamoyillarini mustahkamlash, shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyadan xoli muhitni shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Rasmiy sahifalarimiz!