
Toshkent davlat tibbiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, «UzVC» Milliy venchur fondi, «Mikrokreditbank» ATB hamda «Asakabank» AJ hamkorligida tibbiyot va farmatsevtika sohasida innovatsion startaplarni rivojlantirishga bag‘ishlangan Workshop tashkil etildi. Tadbir tibbiyot va farmatsevtika yo‘nalishidagi istiqbolli startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni investitsiyalar bilan bog‘lash hamda innovatsion ekotizimni rivojlantirishga qaratildi.
Workshop davomida ishtirokchilarga startap loyihalarini professional taqdim etish, venchur investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlari, biznes modelini shakllantirish, innovatsion mahsulotni bozorga olib chiqish hamda startaplarni muvaffaqiyatli rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, ishtirokchilar soha ekspertlari, investorlar va moliyaviy institutlar vakillari bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tadbirda «UzVC» Milliy venchur fondi, UNICEF, «Asakabank» AJ va «Mikrokreditbank» ATB vakillari innovatsion loyihalarni moliyalashtirish, investitsiya imkoniyatlari, startaplarni tijoratlashtirish hamda tadbirkorlik ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Workshop yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan mutaxassislar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish va investorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zarur tavsiyalar oldilar.
Mazkur Workshop tibbiyot va farmatsevtika yo‘nalishida innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh olimlar, tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar, talabalar va shifokorlarning startap tashabbuslarini rivojlantirish hamda ularni amaliyotga tatbiq etishda muhim ilmiy-amaliy platforma bo‘lib xizmat qildi.
Rasmiy sahifalarimiz!