








#Tanqidiy_tahlilVazir: O‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondashgan hech bir rahbar kechirilmaydi
Xabar berganimizdek, bugun Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda joylarda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, tizimda o‘z yechimini kutayotgan masalalar, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.
Vazirlik va tizim tashkilotlari, ixtisoslashgan tibbiyot markazlari rahbarlari va hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari ishtirokida o‘tgan tadbirda dastlab birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyati bilan bog‘liq muammolar muhokama etildi.
Xususan, sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy qilinayotgan tajriba-sinov hududlarida hanuz shifokorlar vakant ish o‘rinlari mavjudligi tanqid ostiga olindi. Masalan, Denov, Gʻallaorol, Sirdaryo, Kattaqo‘rg‘on va Urgut tumanlarida ko‘rsatkichlar yuqori.
Oilaviy poliklinikalarda o‘rta tibbiyot xodimlari faqat to‘liq stavkada faoliyat yuritishi belgilangan bo‘lsa-da, Gʻijduvon, Xatirchi tumanlari va Yangiyo‘l shahrida bu talablarga to‘liq amal qilinmagan. Qolaversa, ba’zi hududlarda oilaviy shifokorlar tomonidan bemorlarni tor soha mutaxassislariga asossiz yo‘naltirish holatlari uchramoqda.
Ayrim shifoxonalarda yuqori texnologik uskunalardan samarali foydalanilmayapti.
«Infarkt va insultga qarshi kurashish» milliy dasturini tajriba-sinov tariqasida joriy etishda ham ba’zi hududlarda va tibbiyot muassasalarida sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda.
Shu bilan birga, qator tibbiyot muassasalarida shoshilinch qabul bo‘limlari xalqaro va milliy standartlar talablariga to‘liq javob bermasligi aytib o‘tildi. Sarflov materiallarining nomutanosib taqsimlanishi, ularga bo‘lgan real ehtiyojni rejalashtirishda tizimli xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani qayd etildi.
Shuningdek, yig‘ilishda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalarida sanitariya talablariga rioya etish, davolash-profilaktika muassasalarini raqamlashtirish bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilindi.
O‘z navbatida, aniqlangan holatlar yuzasidan hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari rahbarlarining axborotlari tinglandi.
“O‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondashgan hech bir rahbar kechirilmaydi, — dedi vazir. — Xalqimiz va Prezidentimiz bildirgan ishonchni oqlash uchun, avvalo, ishga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirishimiz kerak. Zimmasidagi mas’uliyatni his qilmaydiganlar bilan xayrlashamiz. Korrupsiyaga moyil xodimlarga ham safimizda joy yo‘q”.
Tadbir yakunida aniqlangan xato va kamchiliklar bo‘yicha qator mas’ullar ogohlantirildi. Muammoli masalalarni qisqa muddatda hal etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.SSV Matbuot xizmati. Web-siteTelegramFbInstagram