

Tashrifdan asosiy maqsad — tibbiy ta’limni rivojlantirish, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish, zamonaviy ta’lim metodikalarini joriy etish hamda ikki tomonlama akademik hamkorlikni yanada rivojlantirishdan iborat. Delegatsiya tarkibidan tibbiy ta’lim va klinik amaliyot sohasida katta tajribaga ega mutaxassislar — Professor Mark Lillicrap, Dr Ruchi Sinnatamby va Cheryl France (BSc, MPH)o‘rin olgan.
Ayni damda delegatsiya Toshkent davlat tibbiyot universitetining klinik bazalari va tegishli kafedralari faoliyati bilan tanishmoqda. Shuningdek, birozdan so’ng mehmonlarga universitetda tibbiy ta’lim, klinik tayyorgarlik, ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot beriladi.
Bugungi uchrashuvlar doirasida tibbiy ta’lim sifatini oshirish, professor-o‘qituvchilar malakasini rivojlantirish, klinik ta’limni takomillashtirish, zamonaviy o‘qitish metodikalarini joriy etish, tajriba almashish va qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilinadi.
Ta’kidlash joizki, University of Cambridge 1209-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda dunyoning yetakchi ilmiy-ta’lim markazlaridan biri hisoblanadi. Universitet 31 ta kollejni birlashtiradi hamda Clinical Medicine yo‘nalishini ham o‘z ichiga olgan oltita akademik maktabga ega.
Cambridge delegatsiyasining Toshkent davlat tibbiyot universitetiga tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va tibbiy ta’limning zamonaviy standartlarini universitet ta’lim jarayoniga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Rasmiy sahifalarimiz: