
Toshkent davlat tibbiyot universiteti Kuzatuv kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov, universitet rahbariyati, Kuzatuv kengashi a’zolari hamda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida 2025/2026-o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda yangi o‘quv yili uchun belgilangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda universitet tizimida 3 ta klinika, 13 ta fakultet, 3 ta kampus, 2 ta filial, shuningdek, qator klinik bazalar va kafedralar faoliyat yuritmoqda. Universitetda 30 ming nafardan ortiq talaba, jumladan 3500 nafar xorijiy talaba tahsil olmoqda.
Yig‘ilishda ta’lim dasturlarini xalqaro talablar asosida takomillashtirish, o‘quv jarayoniga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, universitetning akademik salohiyatini oshirish, o‘quv binolari va auditoriyalarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash hamda talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi.
Muhokamalar yakunida ta’lim sifati va klinik tayyorgarlikni yanada kuchaytirish, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish hamda universitet faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Rasmiy sahifalarimiz!