Tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalari va ustoz-murabbiylariga

Aziz talabalar!
Hurmatli professor-o‘qituvchilar!

Avvalo, barchangizni yangi o‘quv yili boshlanishi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Fursatdan foydalanib, yurtimiz tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining minglab talaba-yoshlari, fidoyi professor-o‘qituvchilari va ilmiy izlanuvchilariga eng ezgu tilaklarimni bildiraman.
Bugun mamlakatimizdagi 28 ta davlat va nodavlat tibbiyot oliygohida hamda qo‘shma ta’lim yo‘nalishlarida jami 91 ming nafar talaba tahsil olmoqda. Ularning 9 ming nafari xorijiy talabalardir.Qadrli yoshlar!
Bilasiz, muhtaram Prezidentimiz boshchiligida Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashga qaratilgan izchil islohotlar olib borilmoqda. Ayniqsa, tibbiyot yo‘nalishida z amonaviy bilimlarga ega, kreativ fikrlaydigan yangi avlod kadrlarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotir.
Shu maqsadda tibbiyot oliygohlarida zamonaviy klinik bazalar, simulyatsion markazlar, ilg‘or laboratoriyalar va raqamli texnologiyalarga asoslangan ta’lim imkoniyatlari kengaytirilmoqda.

Albatta erishilayotgan natijalar quvonarli. Oldimizda esa yanada ulkan vazifalar turibdi. Kuni kecha davlatimiz rahbari tibbiyot va farmasevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishar ekan, bu boradagi ustuvor maqsadlarni belgilab berdi.

Xususan, keyingi o’quv yilidan tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida “Davolash ishi” ta’lim yo‘nalishi 5+1 modeli asosida amalga oshiriladigan 6 yillik “Umumiy tibbiyot” ta’lim dasturiga transformatsiya qilinadi. Bu model 5 yillik nazariy va amaliy ta’lim hamda 1 yillik uzluksiz klinik amaliyotni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, Toshkent davlat tibbiyot universiteti tarkibidagi Hamshiralar akademiyasi negizida AQSHning Pensilvaniya universiteti bilan hamkorlikda Ilg‘or tibbiy hamrohlik maktabi tashkil etiladi.
Bunday islohotlardan ko‘zlangan maqsad bitta! U ham bo‘lsa, tibbiyotimiz uchun fidoyi va o‘z kasbiga sodiq yangi avlod tibbiyot xodimlarini tayyorlashdan iborat.
Hurmatli talabalar!
Sizlar — mamlakatimiz tibbiyotining kelajagisiz. Tanlagan kasbingiz inson hayoti va salomatligi bilan chambarchas bog‘liq.

Shu ma’noda, talabalik yillarini ulkan imkoniyatlar davri sifatida qadrlab, zamonaviy tibbiyot ilmlarini, xorijiy tillarni, raqamli texnologiyalar va yangi innovatsion yondashuvlarni puxta egallashingizga tilakdoshman.

Talabalik davringiz katta yutuqlar va muvaffaqiyatlarga boy bo‘lsin! Ilm olish va izlanishdan aslo to‘xtamang!
Yangi o‘quv yili barchangizga muborak bo‘lsin!Eldor ADILOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Sog‘liqni saqlash vaziri.
Web-siteTelegramFbInstagram

Leave a comment