Toshkent shahrida O‘zbekiston–Xitoy an’anaviy tibbiyoti madaniyat haftaligi doirasida xalqaro konferensiya o’tkazilmoqda

Ayni damda Toshkent shahridagi “Azimut” mehmonxonasida O‘zbekiston–Xitoy an’anaviy tibbiyoti madaniyat haftaligi doirasida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

Unda Toshkent davlat tibbiyot universiteti rahbariyati, Shinjon tibbiyot universiteti, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi shuningdek, Xitoyning yetakchi tibbiyot muassasalari va ilmiy doiralari vakillari ishtirok etmoqda.

Konferensiyada zamonaviy va an’anaviy tibbiyot integratsiyasi, an’anaviy xitoy tibbiyotining zamonaviy tibbiyotdagi o‘rni, xalqaro ilmiy hamkorlik hamda innovatsion davolash yondashuvlari muhokama qilinmoqda.

Bugungi konferensiya davomida Toshkent davlat tibbiyot universiteti va Shinjon tibbiyot universiteti o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, an’anaviy xitoy tibbiyotini xalqaro miqyosda rivojlantirishning yangi modellari, shuningdek, periferik nerv shikastlanishlari va surunkali yaralarni davolashning zamonaviy yondashuvlari yuzasidan ma’ruzalar taqdim etilmoqda.

Konferensiyada Wenzhou tibbiyot universiteti Birinchi klinik shifoxonasi hamda Shinjon Uyg‘ur avtonom rayoni an’anaviy xitoy tibbiyoti shifoxonasi mutaxassislari ham ishtirok etib, o‘zlarining ilmiy va amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqda.

Tadbir doirasida ishtirokchilar an’anaviy xitoy tibbiyotiga oid ko‘rgazma bilan tanishib, an’anaviy davolash usullarini amaliy tarzda namoyish etish jarayonlarida ham ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston–Xitoy an’anaviy tibbiyoti madaniyat haftaligi doirasidagi mazkur xalqaro konferensiya ikki mamlakat o‘rtasida tibbiy ta’lim, ilm-fan va klinik amaliyot sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan.

Rasmiy sahifalarimiz!

Telegram | Facebook | Instagram| YouTube | X | Linkedin

Leave a comment