Bugun Toshkent davlat tibbiyot universitetining 1-son akademik litseyi majlislar zalida 1-son Davolash fakultetining 6-kurs bitiruvchi talabalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvni o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor Xaitov Qahramon Najmitdinovich ochib berib, bitiruvchi talabalarni ushbu muhim bosqich bilan tabrikladi hamda kelgusidagi o‘qish va mehnat faoliyatlarida muvaffaqiyat tiladi. Tadbirda fakultet dekani Yusupov Sh.Sh., dekan muovini Yaxyayeva K.Z., Karyera va bandlik markazi rahbari Turaqulov R.I. hamda “Kelajakka qadam” dasturi mas’uli Mirzayev M. ishtirok etdilar. Uchrashuvning asosiy mavzusi — bitiruvchi talabalarni 2026-yil 5-oktabrdan boshlab doimiy yashash hududi bo‘yicha amaliyotga chiqarish tartibi bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi. Talabalarga amaliyot jarayonining tashkil etilishi bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.

Unga ko‘ra: kunning birinchi yarmida — amaliyot mashg‘ulotlari; kunning ikkinchi yarmida — tegishli fanlar professor-o‘qituvchilari tomonidan nazariy mashg‘ulotlar olib boriladi. Mazkur jarayon 2027-yil 1-mayga qadar davom etadi. Shundan so‘ng talabalar universitetga qaytib, belgilangan tartibda yakuniy imtihonlarni topshiradilar.
Shuningdek, amaliyot davrida talabalar amaliyot o‘tayotgan tashkilotlardagi ish beruvchilar bilan mehnat shartnomalarini rasmiylashtirishlari lozimligi tushuntirildi. Ta’lim shakliga ko‘ra:
to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar — uch tomonlama shartnoma;
davlat granti asosida tahsil olayotgan talabalar — to‘rt tomonlama shartnoma tuzishlari belgilanganligi ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida talabalarni qiziqtirgan savollarga mutasaddi xodimlar tomonidan batafsil javoblar berildi hamda amaliyot jarayonini samarali tashkil etish, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va kelgusidagi kasbiy faoliyatga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Rasmiy sahifalarimiz!

Telegram | Facebook | Instagram| YouTube | X | Linkedin

Leave a comment