
28-sentabr kuni “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida Toshkent davlat tibbiyot universitetining 1-bosqich talabalari uchun “Talabalikka bag‘ishlov — 2026” tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda universitetning 3 456 nafar birinchi bosqich talabasi ishtirok etdi. Qo‘shimcha kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan 914 nafar talaba esa marosimni Zoom platformasi orqali kuzatib bordi.
Tadbirning asosiy va hayajonli lahzalaridan biri yoshlarning tibbiyot sohasidagi tantanali qasamyodni qabul qilishi bo‘ldi. Qasamyod talabalarning tanlagan kasbi, ustozlari va kelajakdagi professional faoliyati oldidagi mas’uliyatini ifodalovchi muhim ramziy qadam sifatida namoyon bo‘ldi.
Marosim 1-oktabr — Ustoz va murabbiylar kuni bilan uyg‘un tarzda tashkil etilib, universitetning fidokor professor-o‘qituvchilari va xodimlariga alohida ehtirom ko‘rsatildi. Universitet rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan 150 nafar professor-o‘qituvchi va xodim pul mukofoti bilan rag‘batlantirildi.
Shuningdek, birinchi bosqich talabalariga ramziy “Sinov daftarchasi” va “Stetoskop” topshirildi. Mazkur ramziy sovg‘alar talabalarning bilim olish, kasbiy ko‘nikmalarni egallash va kelajakda inson salomatligini asrashdek mas’uliyatli vazifaga tayyorlanish yo‘lidagi ilk qadamlari sifatida ifodalandi.
“Talabalikka bag‘ishlov — 2026” yoshlar hayotida yangi bosqichning boshlanishi, ustoz-shogird an’analarining davomiyligi hamda kelajakdagi tibbiyot mutaxassislarining kasbiy mas’uliyatini his etishlariga xizmat qiluvchi muhim tadbir bo‘ldi.
Qasamyod — bir kunlik marosim emas. U bilim, burch va inson salomatligi oldidagi mas’uliyat bilan boshlanadigan kasbiy yo‘lning ilk qadamidir.
Rasmiy sahifalarimiz!