





Toshkent davlat tibbiyot universiteti Tibbiy pedagogika va davolash fakulteti 3-kurs talabalari o‘rtasida kiberxavfsizlik bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Tadbir davomida talabalarga internet tarmog‘idan xavfsiz foydalanish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, kiberjinoyatlarning oldini olish, internet firibgarliklaridan ogoh bo‘lish hamda raqamli makonda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish yuzasidan tushunchalar berildi.
Ushbu tadbirda bir qator faol talabalar ham ishtirok etib, mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Shuningdek, Yunusobod tumani IIO FMB 4-IIB profilaktika katta inspektori, podpolkovnik K. X. Xusniddinov so‘zga chiqib, bugungi kunda keng tarqalib borayotgan kiberjinoyatlar, internet orqali sodir etiladigan firibgarliklar va ulardan himoyalanish choralari haqida batafsil ma’lumot berdi. Bundan tashqari fakultet tyutori F.M.Shamudinova talabalarga talabalarga noma’lum havolalarga kirmaslik, begona shaxslarga shaxsiy ma’lumotlar va bank kartasi ma’lumotlarini bermaslik, shubhali qo‘ng‘iroq hamda xabarlarga nisbatan ehtiyotkor bo‘lish zarurligini ta’kidladi. Tadbir davomida 302-DI guruh talabasi F.Alimova so’zga chiqib o’z fikrini bayon etdi.
Bundan tashqari, “Qo‘riqchi” mobil ilovasi haqida ham ma’lumot berilib, uning imkoniyatlari va xavfsizlikni ta’minlashdagi ahamiyati tushuntirildi. Talabalarga ilovadan foydalanish tartibi, uning yordamida zarur holatlarda tegishli xizmatlarga murojaat qilish imkoniyatlari hamda xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatlarda tezkor harakat qilish muhimligi haqida tavsiyalar berildi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarning kiberxavfsizlik borasidagi bilimlarini oshirish, ularni turli internet tahdidlaridan himoyalanishga o‘rgatish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha huquqiy savodxonligini yuksaltirishdan iborat bo‘ldi.Tadbir mazmunli va samarali o‘tib, talabalarda internetdan xavfsiz foydalanish va shaxsiy xavfsizlikka mas’uliyat bilan yondashish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qildi.
Rasmiy sahifalarimiz!