









Toshkent davlat tibbiyot universiteti 2-Pediatriya fakultetida talabalar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda yoshlarni turli kibertahdidlardan samarali himoya qilishga qaratilgan atroflicha tushuntirish va targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Fakultetning 2-bosqich talabalari ishtirokida tashkil etilgan ushbu uchrashuvda Yunusobod tumani IIO FMB 4-IIB XPB katta profilaktika inspektori, podpolkovnik K.X. Xusniddinov ma’ruza bilan so‘zga chiqdi.
Muloqot davomida soha mutaxassisi talabalarga «Xavfsiz talaba» hamda «APK qo‘riqchi» mobil ilovalarining amaliy ahamiyati, ularni qurilmalarga yuklab olish va funksiyalaridan to‘g‘ri foydalanish tartibi yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, uchrashuvda talaba-yoshlarga jamoat joylarida va kundalik hayotda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish, shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligini ta’minlash, internet tarmog‘ida uchraydigan kiberxavflardan ogoh bo‘lish hamda shubhali havolalar va noma’lum manbalardan keladigan xabarlarga nisbatan hushyorlikni oshirish zarurligi alohida uqtirildi.
Bunday ma’rifiy-profilaktik tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoshlarning huquqiy va raqamli madaniyatini yuksaltirish, kibermakonda axborot xavfsizligi ko‘nikmalarini shakllantirish hamda ularning shaxsiy daxlsizligi va osoyishtaligini ishonchli ta’minlashdan iboratdir.
Rasmiy sahifalarimiz!