
Toshkent davlat tibbiyot universitetida 28-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan “Talabalikka bag‘ishlov — 2026” tantanali tadbirida birinchi bosqich talabalarining ota-onalari ham ishtirok etib, farzandlarini talabalik baxtiga erishganlari bilan samimiy muborakbod etdilar.
Farzandining oliy ta’lim muassasasiga kirishi, ayniqsa, mamlakatimizning nufuzli tibbiyot oliygohida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘lishi har bir ota-ona uchun katta quvonch va faxrdir. Bu quvonch ortida yillar davomida qilingan mehnat, sabr, mashaqqat, ezgu niyatlar va ona duolari mujassam.
Tadbir davomida talabalardan birining onasi o‘z hayajon va kechinmalarini samimiy ifoda etib, farzandining bugungi yutug‘i nafaqat uning, balki butun oilaning orzu-umidlari ro‘yobi ekanini ta’kidladi. Farzandining kelajakda oq xalat kiyib, insonlar salomatligini asrashdek sharafli kasb egasi bo‘lishi yo‘lidagi ilk qadamlari unga cheksiz baxt bag‘ishlayotganini bildirdi.
Shuningdek, u universitet jamoasini, ustozlarni, yangi talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan yoshlarni va ularning ota-onalarini yangi o‘quv yili bilan tabriklab, talabalarga muvaffaqiyat, mustahkam bilim va kelajakda el-yurt koriga yaraydigan yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishlarini tiladi.
Ona duosi, ota-ona ishonchi va ustozlar ta’limi bilan boshlangan bu yo‘l kelajak shifokorlarining ezgu maqsadlari sari qo‘ygan ilk qadamidir. Zero, oq xalat — nafaqat kasb ramzi, balki inson hayoti va salomatligi uchun mas’uliyat timsolidir.
Rasmiy sahifalarimiz!