
21-oktabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan “Ma’rifat ulashib” loyihalari doirasida “Ona tilim — milliy o‘zlik va ma’rifat poydevori” mavzusida ma’rifiy-adabiy uchrashuv tashkil etildi.
Unda universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori T.A. Bobomurodov, taniqli shoir, publitsist va adib, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Eshqobil Shukur, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Shuhrat” medali sohibi Axtamqul Karimov, O‘zbek va xorijiy tillar kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida ona tilining milliy o‘zlikni anglash, ma’naviy merosni asrab-avaylash va yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Ijodkorlar o‘zlarining adabiy faoliyati, ijodiy izlanishlari, she’riyat va kitobxonlikning yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishdagi o‘rni xususida fikr bildirdilar.
Tadbirning badiiy qismida universitetning “Mushoira” klubi a’zolari tomonidan ijodkorlar she’rlaridan namunalar hamda talabalarning o‘z ijodiga mansub she’riy asarlar o‘qib eshittirildi. Turli millat vakili bo‘lgan talabalarning turli tillardagi tabriklari mamlakatimizdagi millatlararo do‘stlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik g‘oyalarini ifoda etdi.
Shuningdek, surdotil yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar Sevara Nazarxonning “Ulug‘imsan, Vatanim” qo‘shig‘ini surdotilda ijro etdilar. Universitetning “Navo-Shifo” ansambli xonandasi Muhlisa Nurmatova hamda talaba-qizlar ishtirokidagi musiqiy chiqishlar tadbirning badiiy mazmunini boyitdi.
Uchrashuv yakunida ona tiliga hurmatni kuchaytirish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va talaba-yoshlarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Mazkur ma’rifiy-adabiy uchrashuv talabalarning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish, adabiyot va san’atga qiziqishini oshirish hamda davlat tiliga ehtirom tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qildi.
Rasmiy sahifalarimiz!