MILLIY LIBOSLAR — MILLIY QADRIYATLARIMIZ KO‘ZGUSI

Joriy yilning 16-oktabr kuni Toshkent davlat tibbiyot universiteti Tibbiy pedagogika va davolash fakultetining 1- va 3-kurs talaba qizlari Adiblar xiyoboniga tashrif buyurishdi.
Tashrif davomida talaba qizlar tomonidan o‘zbek xalqining boy madaniy merosi, milliy urf-odatlari va qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan milliy liboslar namoyish etildi. Ushbu tashabbus orqali milliy kiyinish madaniyatini keng targ‘ib qilish, yoshlar qalbida milliy an’analarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash hamda o‘zbekona odob-axloq va nafosatni ulug‘lashga alohida e’tibor qaratildi.

Milliy liboslar xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, o‘ziga xosligi, dunyoqarashi va estetik didini aks ettiruvchi bebaho ma’naviy merosimiz hisoblanadi. Atlas va adras matolarining betakror jilosi, milliy naqshlarning o‘ziga xosligi, kashtachilik san’ati hamda liboslardagi ranglar uyg‘unligi xalqimizning boy hunarmandchilik an’analari va yuksak dididan dalolat beradi. Har bir milliy libosda ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan qadriyatlar, urf-odatlar va milliy o‘zlik ifodasi mujassam.

Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida milliy kiyinish madaniyatini asrab-avaylash, uni yoshlar orasida keng targ‘ib etish va zamonaviy hayot bilan uyg‘unlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtayi nazardan, talaba qizlarning milliy liboslarda ishtirok etishi nafaqat go‘zallik va nafosat namunasi, balki milliy qadriyatlarga bo‘lgan sadoqatning yorqin ifodasi hamdir.
Adiblar xiyobonida tashkil etilgan ushbu tashrif talaba qizlar uchun milliy merosimizni yanada chuqurroq anglash, tariximiz va madaniyatimizga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda milliy g‘urur tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qildi. Xiyobonning o‘ziga xos ma’naviy muhiti esa tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Tadbir davomida talaba qizlar milliy liboslar orqali o‘zbek ayoliga xos ibo, hayo, nafosat va latofatni namoyon etdilar. Ularning milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan e’tibori va tashabbuskorligi yoshlar orasida milliy an’analarni davom ettirish, ularni kelajak avlodga yetkazish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Mazkur tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad talaba-yoshlar, xususan, talaba qizlar o‘rtasida milliy qadriyatlarga hurmatni kuchaytirish, milliy liboslarimizning tarixi va ahamiyatini keng targ‘ib qilish, yosh avlodda milliy o‘zlikni anglash, vatanparvarlik va milliy g‘urur tuyg‘ularini yuksaltirishdan iborat.

Rasmiy sahifalarimiz!

Telegram | Facebook | Instagram| YouTube | X | Linkedin

Leave a comment