



“Kelajak soati” rukni ostida navbatdagi “Ma’rifat darsi” tashkil etildi
2026-yil 19-oktabr kuni Toshkent davlat tibbiyot universitetining Stomatologiya yo‘nalishida “Kelajak soati” rukni doirasida “O‘zbek tili – milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli” mavzusida navbatdagi “Ma’rifat darsi” bo‘lib o‘tdi. Mazkur ma’rifiy tadbirda mehmon sifatida taniqli ijodkor, shoir Bobur Bobomurod ishtirok etdi.
Dars davomida o‘zbek tilining xalqimiz ma’naviyati, tarixiy xotirasi, milliy qadriyatlari va boy madaniy merosini o‘zida mujassam etgan bebaho ne’mat ekani alohida ta’kidlandi. Ona tilimizning milliy o‘zligimizni anglash, mustaqil davlatchiligimizni namoyon etish hamda yosh avlodni milliy ruhda tarbiyalashdagi beqiyos o‘rni haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, davlat tilining nufuzi va mavqeini yuksaltirish, uning sofligini asrab-avaylash, kundalik hayotda va kasbiy faoliyatda o‘zbek tilidan to‘g‘ri hamda samarali foydalanish har bir fuqaroning, ayniqsa, yoshlarning muhim burchi ekaniga e’tibor qaratildi.
Ona tiliga hurmat — millatga hurmat, uning ravnaqi uchun mas’uliyat esa kelajakka daxldorlik ifodasidir. Shu ma’noda, ma’rifat darsi talabalarning milliy g‘ururini yuksaltirish, ona tiliga bo‘lgan mehr va sadoqatini mustahkamlash, ularda ma’naviy mas’uliyat tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qildi.
Ona tilimiz — milliy g‘ururimiz, ma’naviy boyligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsolidir!
Rasmiy sahifalarimiz!