




Samarqand shahrida “Bolalar farovonligiga investitsiya: Kelajak avlodlar barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” Jahon sammiti doirasida II Xalqaro bolalar onkologiyasi va gematologiyasi kongressi bo‘lib o‘tmoqda.
Xalqaro miqyosdagi nufuzli ilmiy-amaliy anjumanda dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan 1 000 nafarga yaqin yetakchi olimlar, shifokorlar va tibbiyot mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Kongressning asosiy maqsadi bolalarda uchraydigan onkologik va gematologik kasalliklarning oldini olish, ularni erta aniqlash, zamonaviy diagnostika usullarini takomillashtirish hamda samarali davolash yondashuvlarini rivojlantirishdan iborat.
Ikki kun davom etadigan kongress doirasida bolalar onkologiyasi va gematologiyasining dolzarb masalalari, kasalliklarni erta tashxislash imkoniyatlari, ilg‘or tibbiy texnologiyalardan foydalanish, davolash samaradorligini oshirish hamda bemor bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini yaxshilash masalalari muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, anjuman davomida xalqaro tajriba almashish, ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish, zamonaviy davolash usullarini o‘rganish va bolalar salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur kongress bolalar onkologiyasi va gematologiyasi sohasida xalqaro ilmiy aloqalarni kengaytirish, tibbiyotning ilg‘or yutuqlarini amaliyotga joriy etish hamda bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam samaradorligini oshirish yo‘lida muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.
Telegram | Facebook | Instagram | YouTube | X | linkedin | Tik Tok