O‘ZBEK TILI – MILLAT G’URURI VA MA’NAVIYAT KO’ZGUSI

Toshkent davlat tibbiyot universiteti 2-son o‘zbek va xorijiy tillar kafedrasida tibbiy pedagogika va davolash ishi, 2-pediatriya hamda tibbiy biologiya fakultetlari talabalari ishtirokida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 37 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbir mazmunan boy dastur asosida, ko‘tarinki ruhda va yuqori saviyada o‘tkazildi.

Tadbir davomida talabalar tomonidan ona tilimizga bag‘ishlangan she’rlar, raqslar va badiiy chiqishlar namoyish etildi. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Ogahiy, Uvaysiy, Nodirabegim hamda jadid ma’rifatparvarlari Cho‘lpon, Behbudiy va Abdulla Avloniy siymolari tibbiyot yo‘nalishiga mos tarzda talqin qilinib, talabalarning ijodiy salohiyati va mahorati namoyon etildi.

Shuningdek, Alisher Navoiy qalamiga mansub g‘azallar talabalar ijrosida yangradi. Sahna ko‘rinishlari orqali o‘zbek tilining qadri, uning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyati yoritib berildi. Ona tilimizning tarixi, davlat tili maqomiga ega bo‘lish yo‘li hamda bugungi kundagi nufuzini aks ettiruvchi videorolik namoyish etildi.

Tadbirni kafedra mudiri, pedagogika fanlari doktori Buranova Dilafruz Djamaliddinovna tantanali ravishda ochib berdi. Tadbir yakunida 2-son o‘zbek va xorijiy tillar kafedrasi professori Turdiyeva Kavsar Sheraliyevna so‘zga chiqib, ona tilimizning bugungi kundagi ahamiyati haqida fikr bildirdi hamda talabalarga ta’lim va ilm yo‘lida muvaffaqiyatlar tiladi.

Tadbir yakunida talabalarda ona tiliga bo‘lgan mehr-muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat va tilimizga nisbatan faxr tuyg‘ulari yanada mustahkamlandi. Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlodni milliy ruhda tarbiyalash, ona tilimizning boy merosini asrab-avaylash va uning nufuzini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ona tilimiz — millatimiz faxri, ma’naviyatimiz ko‘zgusi va milliy o‘zligimiz timsolidir!

Rasmiy sahifalarimiz!

Telegram | Facebook | Instagram| YouTube | X | Linkedin

Leave a comment