
#Prezident#IlmFan#Yoshlar
Prezidentimiz Koreyada chiplarni loyihalash bo‘yicha malaka oshirayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi
“Ulkan zavod qurilishini kutish shart emas. Chiplarni loyihalashni hozirdanoq boshlashimiz mumkin” — Koreyadan Prezidentimiz bilan muloqot qilgan Islomjon.
Toshkent davlat texnika universiteti magistranti Islomjon ayni paytda 20 nafar ishtirokchidan iborat guruh tarkibida Koreyada integral sxemalar — chiplarni loyihalash bo‘yicha amaliy malaka oshirmoqda.
Prezidentimiz bilan masofaviy muloqotda u Koreyada olgan bilimlari, kompaniyalarga tashriflar va professorlar bilan suhbatlardan chiqargan muhim xulosasini aytdi: O‘zbekiston yarimo‘tkazgichlar sanoatiga kirishi uchun avval ulkan texnologik zavod qurilishini kutishi shart emas. Bu yo‘lni chiplarni loyihalash va ularni sinovdan o‘tkazishdan boshlash mumkin.Islomjon xorijda olingan bilim va tajribani Vatanimizda amaliyotga tatbiq etish, ushbu yo‘nalishda milliy ilmiy salohiyatni shakllantirish uchun zarur bo‘lgan ikkita muhim taklifni ilgari surdi.Birinchisi — Toshkentda maxsus serverlar va litsenziyalangan dasturlar bilan jihozlangan ilmiy tadqiqot laboratoriyasini tashkil etish. Bunday imkoniyat yosh muhandislarga Koreyada boshlagan ilmiy loyihalarini O‘zbekistonda davom ettirish, kelajakda milliy chiplarni loyihalash va sun’iy intellekt yo‘nalishidagi ishlanmalarga hissa qo‘shish uchun zarur.
Ikkinchisi — O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi muhandislar tayyorlash loyihasini davom ettirish, bu sohaga ko‘proq yoshlarni jalb qilish.
Islomjonning ta’kidlashicha, murakkab mikrochiplarni loyihalash katta bilim va jamoaviy mehnatni talab qiladi. Bunday лойиҳаларда 20 nafar emas, zaruratga qarab 100–200 nafargacha muhandis birgalikda faoliyat yuritishi mumkin.
Prezident ko‘tarilgan har ikki masalani dolzarb deb baholadi. Yoshlar uchun zarur sharoit yaratilsa, ular qaytib kelgach, o‘z mutaxassisligi bilan korxonalarga katta manfaat keltirishini ta’kidladi. Bu yo‘nalishda tayyorlanayotgan mutaxassislar sonini 100 nafarga yetkazish rejasi ham aynan shunday ehtiyojga qaratilganini qayd etdi.
Davlatimiz rahbari Koreyada amaliy tajriba orttirayotgan yoshlar kelgusida boshqalarga ham bilim beradigan amaliy o‘qituvchilar bo‘lishini ta’kidladi. Ularni yangi sohaning ilk qaldirg‘ochlariga qiyosladi:
“Bu birinchi qaldirg‘ochlarimiz. Qaldirg‘och uyga baxt olib keladi, kamol olib keladi, tinchlik olib keladi”.Facebook | Instagram | YouTube | Telegram