Tibbiyotda yangi bosqich: Biotibbiyot muhandisligi va raqamli tibbiyot” mavzusidagi ochiq eshiklar kunini o‘tkazishdi

Bugun Toshkent davlat tibbiyot universitetining (ToshDavTU) «Biotibiyot muhandisligi, informatika va biofizika» kafedrasi pedagoglari universitet litseyi va tibbiyot texnikumlari o‘quvchilari uchun “Tibbiyotda yangi bosqich: Biotibbiyot muhandisligi va raqamli tibbiyot” mavzusidagi ochiq eshiklar kunini o‘tkazishdi.
Zamonaviy tibbiyot axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, injenerlik yechimlari va raqamli qurilmalar bilan chambarchas bog‘lanib bormoqda. Biotibbiyot muhandisligi esa ana shu o‘zgarishlarning markazida turib, shifokorlar faoliyatini yengillashtirish, kasallikni erta aniqlash, diagnostika aniqligini oshirish va bemorlarga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqishda beqiyos o‘rin tutmoqda.
Bugungi tadbir davomida 3 ta akademik litsey va Toshkent shahardan 4 ta tibbiyot texnikumlari, Chilonzor tumani politexnikumi, Bekobod ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari bu yo‘nalishning amaliyotdagi ahamiyati va imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.
Tadbirni ToshDavTU prorektori S. Baymakov litsey ma’ruzalar zalida tantanali ravishda ochib berdi. Tadbirda «Biotibiyot muhandisligi, informatika va biofizika» kafedrasi mudiri M.I.Bazarbaev, GIZ tashkiloti sog‘likni saqlash dasturi mutaxassisi Ortiqova Dilafruz, Erasmus+ milliy ofisi loyiha menedjeri Maxmudjon Utkurov, Toshkent shahridagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi yetakchi mutaxassisi D. Аzimov, “Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining tibbiyot texnikasi va innovatsion texnologiyalar bo‘yicha injener-texnik xodimlar” kafedrasi mutaxassisi Abdullaev Ibroxim va boshqalar tomonidan biotibbiyot muhandisligi sohasining dolzarbligi va keajak istiqbollari haqida ma’ruzalar o‘qildi.
Bundan tashqari, Italiya davlati L’Aquila universiteti professorlari Anna Tozzi va Massimiliano D’Innocenzolar o‘zlarining on-layn ma’ruzalari bilan qatnashishdi.
Bugungi tadbir davomida akademik litsey va texnikum o‘quvchilari bu yo‘nalishning Yevropa ittifoqi Erasmus+ I2-PLEDGE, Germaniya davlati GIZ tashkiloti sog‘liqni saqlash dasturi loyihalari bilan o‘rnatilgan xalqaro aloqalarning amaliyotdagi ahamiyati va imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.
Shundan so‘ng o‘quvchilar universitetning simulyatsion markaz ishi, tibibyot muzeyi va «Biotibiyot muhandisligi, informatika va biofizika» kafedrasining yetuk mutaxassislari boshchiligida matematik modellashtirish, sxema texnika, tibbiyot qurilmalariga servis xizmat ko‘rsatish, dasturlash, ta’limda sun’iy intellekt va 3D chop etish, skanerlash yo‘nalishlarida amaliy treninglarda faol qatnashib, biotibbiyot muxandisligi ishlari bilan yaqindan tanishishdi. Bu yerda ular biotibbiyot texnologiyalarining amaliyotda qo‘llanilishi, raqamli va erta diagnostika, smart tibbiy uskunalar, sun’iy intellekt yordamida davolash usullari va ilm-fan bilan mehnat bozori o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida bevosita tanishdilar.
Zamon shiddat bilan rivojlanmoqda va bu o‘zgarishlar, avvalo, inson salomatligiga bog‘liq sohalarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Shuningdek, biotexnologiya, raqamli tibbiyot, sun’iy intellekt va biotibbiyot muhandisligi kabi yo‘nalishlar bugun tibbiyotning yangi bosqichini belgilab bermoqda. Аyniqsa, O‘zbekistonda tibbiyot sohasining zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashuvi, innovatsion markazlar, yangi laboratoriyalar va ilmiy-tadqiqot imkoniyatlari yoshlar uchun ulkan imkoniyat eshiklarini ochmoqda.
Bugungi tadbirning maqsadi — o‘quvchilarni tibbiyotning eng ilg‘or yo‘nalishlari bilan tanishtirish, biotibbiyot muhandisligining kelajakdagi o‘rnini ko‘rsatish va raqamli tibbiyot orqali qanday yangi imkoniyatlar yaratilayotgani haqida haqqoniy tasavvur berishdan iborat bo‘ldi va ularda katta taassurot uyg‘otdi.

Leave a comment