Toshkent davlat tibbiyot universiteti jamoasi tashabbusi bilan mamlakatimizdagi eng yirik — 1800 o‘ringa ega Alisher Navoiy nomli “Panorama” kinosaroyida universitet professor-o‘qituvchilari uchun yuksak tarbiyaviy va ma’naviy ahamiyatga ega, vatanparvarlik ruhini targ‘ib etuvchi “Muallim” badiiy filmining maxsus namoyishi hamda film ijodkorlari bilan samimiy uchrashuv tashkil etildi. Mazkur badiiy asar ustozga bo‘lgan hurmat-ehtirom, kasbga sadoqat, fidoyilik va jamiyat oldidagi yuksak mas’uliyat kabi ezgu g‘oyalarni yorqin obrazlar orqali ochib berib, universitet professor-o‘qituvchilari qalbida chuqur taassurot qoldirdi. Film har bir tomoshabinni o‘z kasbiga yangicha nazar bilan qarashga, inson tarbiyasida ustozning beqiyos o‘rni haqida yana bir bor mushohada qilishga undadi. Tadbir yakunida so‘zga chiqqan film rejissyori Samidxon “Muallim – 2” filmini suratga olish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Ushbu yangi film tibbiyot sohasida o‘z kasbiga sidqidildan xizmat qilib, inson hayoti va salomatligi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotgan, yosh avlodga nafaqat bilim, balki insoniylik saboqlarini ham ulug‘ meros sifatida qoldirayotgan fidoyi ustozlarga bag‘ishlanishini alohida ta’kidladi.
Ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbir Toshkent davlat tibbiyot universiteti jamoasi uchun ustozlarga bo‘lgan hurmatni yanada mustahkamlash, kasbiy faxr va vatanga sadoqat tuyg‘ularini yuksaltirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Fotolavhalar

