Mazkur seminar Toshkent davlat tibbiyot universitetining Akademik litseyi faollar zalida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitet rahbariyati, boshqarma va bo‘lim xodimlari, barcha fakultet dekan o‘rinbosarlari, kafedralarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ullari, tyutorlar va tarbiyachi pedagoglar, psixologlar hamda profilaktika inspektorlari ishtirok etdilar.
Seminarni o‘tkazishdan asosiy maqsad — Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga taqdim etilgan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalarni oliy ta’lim muassasalarida, xususan, ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimida samarali amalga oshirish, yoshlar bilan ishlash faoliyatini yanada takomillashtirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir Toshkent davlat tibbiyot universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Bobomurodov Turdiqul Akramovichning kirish so‘zi bilan ochildi. U o‘z nutqida seminar mavzusining dolzarbligi va bugungi kunda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ta’lim-tarbiya jarayonidagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng, Tibbiy profilaktika va jamoat salomatligi fakulteti dekan muovini Razzoqov Alisher Axmadovich tomonidan “Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga taqdim etilgan Murojaatnomasi”ning mazmun-mohiyati mavzusida ma’ruza qilindi. Unda Murojaatnomada belgilangan ustuvor yo‘nalishlar va ularning oliy ta’lim tizimidagi ahamiyati keng yoritib berildi.
Keyingi ma’ruzada oliy ta’lim tizimida KPI (asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari)ni joriy etish va monitoring qilish bo‘yicha mas’ul xodim Bektemirov Nodir Akramovich “Tyutorlar samaradorligini baholash: KPI tizimi to‘g‘risida” mavzusida so‘z yuritib, tyutorlar faoliyatini baholashda zamonaviy yondashuvlar va samaradorlik ko‘rsatkichlarining ahamiyatiga to‘xtaldi.
Seminar yakunida Bobomurodov Turdiqul Akramovich 2026-yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyat yuksalishi yili” doirasida Toshkent davlat tibbiyot universiteti kafedralarida olib boriladigan ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ustuvor yo‘nalishlari, ularni amaliyotga joriy etish masalalari haqida batafsil ma’lumot berdi. “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar va chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi. Jumladan, quyidagi yo‘nalishlar belgilab olindi: mahalla va maktablar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mahallalar va Universitetda yoshlar orasidanarkotik va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar va tibbiy ko‘riklar tashkil etish, talaba yoshlarni odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlashda professor-o‘qituvchilarning mas’uliyatini oshirish, Tyutorlar faoliyati samaradorligini baholashda KPI tizimini joriy qilish va tyutorlarga ustama haq to‘lash, universitet hududida korrupsiyadan holi muhitni shakllantirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida faollik ko‘rsatgan xodimlar va pedagog-o‘qituvchilarni rag‘batlantirish maqsadida “Halollik mukofoti”ni joriy etish bo‘yicha ma’lumot berildi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda quyidagi nominatsiyalar:
• Yilning eng yaxshi kafedrasi
• Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi
• Yilning eng yaxshi xodimi
• Yilning eng yaxshi tyutori nominatsiyalar bo‘yichatanlovlar o‘tkazish rejalashtirildi.
Fotolavhalar

