Alisher Navoiy tavalludiga bag‘ishlab Adiblar xiyobonida oliy ta’lim muassasalari tomonidan universitetga biriktirilgan Berdaq haykali oldida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbir Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va san’at bo‘limi, O‘zbek va xorijiy tillar hamda Pedagogika kafedralari, universitet fakultetlari va faol talaba-yoshlar ishtirokida tashkil etildi. Unda san’at va madaniyat sohasiga qiziqadigan talabalar tomonidan universitetda faoliyat yuritayotgan ijodiy to‘garaklar doirasida tayyorlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Shuningdek, Mushoira klubi a’zolari hamda ijodkor talabalar tomonidan Alisher Navoiy ijodidan g‘azal va ruboiylar, shuningdek, milliy adabiyotimizning sara namunalaridan ifodali chiqishlar taqdim etildi.
Tadbir tomoshabini sifatida universitetning har bir kampusidan yuzlab talabalar, guruh tyutorlari, professor-o‘qituvchilar hamda adabiyot ixlosmandlari kun davomida faol ishtirok etdilar.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi rahbari A.A. Akramov hamda Toshkent davlat tibbiyot universitetining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori T.A. Bobomurodov tomonidan ochib berildi.
Tadbir yakunida yoshlar va universitet xodimlari milliy o‘zlikni anglash, adabiy meros va qadriyatlarga hurmat ruhida Adiblar xiyobonidan boy ma’naviy ozuqa olib, yurtimizning buyuk adiblari siymosi qarshisida ma’naviy yuksalish tuyg‘ularini his etdilar. Ushbu tadbir yoshlarda milliy g‘urur, vatanparvarlik va badiiy tafakkurni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.



