Toshkent davlat tibbiyot universitetining 3-son Davolash, 1- va 2-sonli stomatologiya fakultetlari hamda “O‘zbek va xorijiy tillar, pedagogika” kafedrasi, Axborot-resurs markazi xodimlari hamkorligida “So‘z zargarlari – Mir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur yodi ila yashaymiz mudom!” nomli madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbirda “Alisher Navoiy” nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Orzigul Hamroyeva hamda Bojxona qo‘mitasi Bojxona instituti Tillarni o‘rganish kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari bo‘yicha PhD, dotsent Shirmatov Sirojiddin Tadjidinovich ishtirok etib, buyuk mutafakkirlar merosining bugungi kundagi ahamiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Shundan so‘ng universitetning iqtidorli talabalari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar namoyish etildi. Tadbir davomida talabalar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur g‘azallari, “Mushoira” klubi hamda “TSMU Stars” jamoasi va universitetda faoliyat yuritayotgan ijodiy to‘garaklar doirasida tayyorlangan sahna ko‘rinishlari bilan chiqishlar qildilar.
Mazkur madaniy-ma’rifiy tadbir yoshlar orasida milliy adabiyotga bo‘lgan qiziqishni oshirish, buyuk ajdodlarimiz ijodiga hurmat ruhini mustahkamlash hamda ularning ma’naviy dunyoqarashini boyitishga xizmat qildi.







