Toshkent davlat tibbiyot universitetida “Muallim” badiiy filmi namoyish etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bir qator ma’ruzalari va chiqishlarida ta’lim muassasalarida o‘qituvchilarning obro‘sini oshirish, ularning fidoiy mehnati va hayotiy faoliyatini yorituvchi spektakllar, badiiy filmlar hamda seriallar yaratish bo‘yicha alohida topshiriqlar bergan edi. Mazkur ko‘rsatmalardan kelib chiqib, Toshkent davlat tibbiyot universitetida “Muallim” badiiy filmi talaba-yoshlar uchun namoyish etildi. Ushbu film nafaqat ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatga, balki kuchli tarbiyaviy va motivatsion ta’sirga ega bo‘ldi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Uchinchi Renessans poydevori bilim va tafakkur maskanlarida barpo etiladi. Film qahramoni Qodir domlaning umumlashma obrazi yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan fidoiy ustozlarning mashaqqatli, mas’uliyatli va sharafli mehnatini yoritib, o‘qituvchilik kasbining benazir qadrini yana bir bor namoyon etdi. “Muallim” filmi kino ijodkorlari tomonidan ustozlarimizga qo‘yilgan ramziy haykal sifatida alohida e’tirofga loyiqdir. Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Boymurodov Shuxrat Abdujalilovich tashabbusi bilan film universitetning barcha uchta kampusida namoyish qilindi. Tadbir davomida talabalarga filmning mazmun-mohiyati, undagi tarbiyaviy g‘oyalar va ustoz-shogird munosabatining yuksak qadriyat sifatidagi ahamiyati yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Universitet jamoasi kelgusida ham ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi loyihalarni izchil davom ettirish hamda talaba-yoshlarda ustozlarga hurmat, Vatanga muhabbat va yuksak mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirib borishni rejalashtirgan.

Video lavha

Leave a comment