Joriy yilning 15 dekabr sanasida Toshkent davlat tibbiyot universiteti faollar zalida 400 ga yaqin talaba-yoshlar hamda
professor-o‘qituvchilar ishtirokida taniqli pokistonlik yozuvchi va jurnalist Muhammad Abbos Xonning “O‘zbekiston:
Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti” nomli kitobiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Bobomuratov Turdikul Akramovich so‘zga chiqib,
ushbu asarning ahamiyati va unda ilgari surilgan g‘oyalar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Qayd etildiki, mazkur badiiy-publisistik asar O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans konsepsiyasining mazmun-mohiyatini chuqur ochib beradi.
Kitobda «Yangi O‘zbekiston»dagi shiddatli islohotlar, ulkan ijobiy o‘zgarishlar va mamlakatning ochiq tashqi siyosati xolis tahlil qilingan. Prorektor,
shuningdek, muallifning O‘zbekistondagi jarayonlarga tahliliy nigoh bilan yondashgani, bu tashabbusni raqobat emas, balki umumiy taraqqiyot va
farovonlikka qaratilgan ochiq xalqaro hamkorlik platformasi sifatida baholaganiga alohida e’tibor qaratdi. Tadbir yakunida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan
savollarga javob olishdi va kitobni o‘qish, undagi ilg‘or g‘oyalarni o‘zlashtirish muhimligi ta’kidlandi. Ushbu ma’rifiy uchrashuv talaba-yoshlarning
«Uchinchi Renessans» davrining faol ishtirokchilari bo‘lishga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirdi.

