2026 yil 13 fevral kuni Toshkent davlat tibbiyot universitetining Farmatsiya, menejment, fundamental tibbiyot, biotibbiyot muhandisligi va Oliy hamshiralik ishi fakulteti jamoasi Toshkent shahar Olmazor tumani 106-sonli alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan (zaif eshituvchi) bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga tashrif buyurdi.
Tashrifda fakultet dekani Shomurodov K.E., dekanning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Abduraxmanova N.X., fakultet kafedralari professor-o‘qituvchilari, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etdilar.
Tashrif davomida mehmonlar maktabda yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim-tarbiya jarayoni, o‘quvchilar uchun tashkil etilgan maxsus dars mashg‘ulotlari va to‘garaklar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Surdopedagoglar tomonidan olib borilayotgan korrektsion-pedagogik ishlar va o‘quvchilarning ijtimoiy moslashuv jarayonlari alohida e’tiborga olindi.
Tashrif jarayonida bolajonlarga mehr ulashildi, ular bilan samimiy suhbatlar tashkil etildi hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Uchrashuv iliq va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Uchrashuv davomida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, talabalar amaliyotini samarali tashkil etish, tajriba almashish hamda kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur tashrif nafaqat ta’limiy hamkorlikni rivojlantirish, balki jamiyatda mehr-oqibat va ijtimoiy mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlashga ham xizmat qildi.



