Toshkent davlat tibbiyot universitetining 1000 dan ortiq talabalari dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar hamrohligida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, tarix va ma’rifat olamiga sayohat qildilar.
Markazdagi “Tarix mozaikasi” zali orqali talabalar Markaziy Osiyoning buyuk allomalari va davlat arboblari merosi bilan tanishdilar. Qur’on oyatlari yozilgan nodir xirqa, XVI asr boshlariga oid Hindiston va Boburiylar sulolasi davriga doir ma’lumotlar yoshlarda milliy tarix va ma’naviyatga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirdi.
O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasining ilm-fan, madaniyat va davlatchilik rivojidagi o‘rni haqidagi ekspozitsiyalar talabalarda faxr, ilhom va mas’uliyat tuyg‘ularini uyg‘otdi.
O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi — bu o‘tmishdan nafaqat g‘urur, balki kelajakka yo‘l ochayotgan milliy ma’rifat majmuasidir.



