Ma’lumot uchun

Toshkent davlat tibbiyot universiteti tomonidan quyidagilar ma’lum qilinadi:

Toshkent davlat tibbiyot universiteti tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida 2025-yilda, Toshkent shahrida avval alohida faoliyat yuritgan tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining qo‘shilishi natijasida, tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda zamonaviy tibbiyot universiteti sifatida faoliyat olib bormoqda.

Universitetning bakalavr ta’lim dasturlari Jahon tibbiyot ta’limi federatsiyasi (WFME) xalqaro standartlariga mos ravishda xalqaro akkreditatsiya tashkilotlari tomonidan muvaffaqiyatli akkreditatsiyadan o‘tgan.

Shuningdek, Universitet xalqaro talablarga, jumladan xorijiy tibbiyot oliygohlari bitiruvchilari lisenziyalash (FMGL) qoidalariga muvofiq ta’lim jarayonini tashkil etib, xorijiy va xalqaro tashkilotlar, jumladan Hindistonning Milliy tibbiyot komissiyasi (NMC) tashkiloti talablariga mos ravishda faoliyat yuritmoqda.

Universitetning chet-ellik bitiruvchilari vrachlik lisenziyasini olish uchun o‘tkaziladigan akkreditatsiya jarayonlarida yuqori natijalarni qayd etmoqda.

Shu bois, har kuni universitetga chet-ellik fuqarolardan ta’lim olish istagida ko‘plab arizalar kelib tushmoqda, bu esa universitetga bo‘lgan ishonchning xalqaro miqyosda o‘sib borayotganini tasdiqlaydi.

Universitet ingliz tilida ta’lim olish uchun ko‘p sonli chet-ellik talabalarni qabul qilish uchun har tomonlama imkoniyatlarga ega bo‘lishiga qaramasdan, doimo miqdorga emas, balki yuqori sifatli tibbiy ta’limni ta’minlashga intiladi.

Misol uchun, joriy yilda ingliz tilida ta’lim olish uchun ariza topshirgan talabgorlarning faqatgina 20 foizigina universitetda o‘qish uchun tavsiya etildi.

Shu bilan birga, xalqaro standartlarga muvofiq ravishda, miqdor emas, balki yuqori ta’lim sifatiga e’tibor qaratgan holda, universitet chet-ellik fuqarolarni qabul jarayonlarini bir o‘quv yili davomida faqat bir marta (kuzgi semester uchun) amalga oshiradi. Qabul bilan bog‘liq barcha jarayonlar universitetning rasmiy veb-sayti orqali e’lon qilib boriladi.

Ta’lim jarayonlari bilan bir qatorda, universitet chet-ellik talabalarning har tomonlama rivojlanishini ta’minlash maqsadida madaniy va sport tadbirlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratadi.

Hozirda, chet-ellik talabalar uchun “Davolash ishi” (MBBS ekvivalenti) yo‘nalishida o‘qish davomiyligi 6 yilni tashkil etib, ta’lim o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi va 6-kursda talabalar butun o‘quv yili davomida universitetga biriktirilgan shifoxonalarda amaliyot o‘taydilar. Bitiruvchilar o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagach, O‘zbekistonda oilaviy tibbiyot shifokori sifatida faoliyat olib borish huquqiga ega  bo‘ladi.

Shuningdek, universitetda chet-ellik talabalarga ta’lim berish jarayoniga o‘z sohasining yetakchi mutaxassislari hamda xorijiy til bo‘yicha sertifikatga ega professor-o‘qituvchilar jalb etilgan.

Universitetning ish jarayonida har kuni chet-ellik talabalar tomonidan minnatdorchilik xatlari va videolari kelib tushadi, bu esa universitet ta’lim sifati va chet-ellik talabalarning universitetga bo‘lgan munosabatini ko‘rsatadi.

Ta’lim va qabul jarayonlari hamda talabalarning akademik va klinik tayyorgarligiga oid barcha ma’lumotlar universitetning rasmiy axborot resurslariga doimiy ravishda joylab borilishi foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratadi.

Toshkent davlat tibbiyot universiteti o‘z faoliyatini xalqaro standartlar asosida davom ettirib, talabalar uchun sifatli va ishonchli tibbiy ta’lim muhitini ta’minlashda davom etadi.

Leave a comment