Toshkent davlat tibbiyot universitetida “Talabalar ligasi” g‘oliblari taqdirlandi.
Xabaringiz bor, 2025 yil noyabr oyida Toshkent davlat tibbiyot universitetida “Talabalar ligasi” sport musobaqalariga start berilgan edi. Bugun ushbu musobaqalarning yakuniy bosqichi o‘tkazilib, g‘olib va sovrindorlar tantanali ravishda taqdirlandi.
Mazkur sport musobaqalari davomida talabalar mini futbol, voleybol, basketbol, gandbol, stol tennisi, yengil atletika, kurash, badminton va shaxmat kabi sport turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Umumiy hisobda 11 900 nafardan ortiq talaba ushbu musobaqalarda faol ishtirok etdi.“Talabalar ligasi” nafaqat sport musobaqasi, balki yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jamoaviylik ruhini mustahkamlash hamda iqtidorli sportchilarni aniqlashga xizmat qiluvchi muhim platformaga aylandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, voleybol, futbol va basketbol yo‘nalishlari bo‘yicha eng kuchli jamoalar aniqlanib, ular munosib ravishda taqdirlandi. G‘olib jamoalar o‘zlarining yuqori sport mahorati, intizomi va jamoaviy hamjihatligi bilan ajralib turdi.
Tadbir davomida ta’kidlanganidek, “Talabalar ligasi” g‘oliblari uchun endilikda yanada katta sport maydoni – “Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi” eshiklari ochilmoqda. Bu esa yosh sportchilar uchun o‘z iqtidorini yanada kengroq namoyon etish imkonini beradi.
Mazkur tadbir talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish hamda ularni yuksak natijalarga ruhlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.









