








Teatrning badiiy rahbari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Olimjon Salimov mazkur spektakl haqida o‘z fikrlarini bildirib, Alisher Navoiyning betakror ijodiy merosi hisoblangan “Layli va Majnun” dostoni insoniy muhabbat, sadoqat va ma’naviy poklikni tarannum etuvchi nodir asarlardan biri ekanini ta’kidladi. Shuningdek, ushbu asarni zamonaviy sahna talqinida tomoshabinlarga yetkazish ijodiy jamoa oldidagi muhim vazifalardan biri bo‘lganini qayd etdi. Olimjon Salimov o‘z so‘zida spektakl yoshlar qalbida milliy adabiyotimizga, boy madaniy merosimizga bo‘lgan hurmat va qiziqishni yanada oshirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Shuxrat Boymuradov Abdujalilovich ham tadbir davomida so‘zga chiqib, universitet jamoasi uchun tashkil etilgan ushbu madaniy tadbir talaba-yoshlar hamda professor-o‘qituvchilarning ma’naviy dunyoqarashini boyitishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Rektor o‘z nutqida san’at va adabiyot inson kamolotida muhim o‘rin tutishini ta’kidlab, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni keng targ‘ib qilish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanini bildirib o‘tdi.
Tadbir davomida universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan ham spektakl yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Ularning ta’kidlashicha, bunday madaniy-ma’rifiy tadbirlar tibbiyot sohasi vakillarining nafaqat kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirishga, balki ularning ma’naviy dunyoqarashi, estetik didi hamda insoniy fazilatlarini yuksaltirishga ham xizmat qiladi.
Shuningdek, shifokorlik kasbi inson salomatligi bilan bir qatorda bemor ruhiyatini chuqur his etish, ularga mehr-muruvvat va e’tibor bilan yondashishni talab qilishi, teatr san’ati esa ana shunday yuksak insoniy fazilatlarni yanada mustahkamlashda muhim vosita ekanligi alohida qayd etildi.Mazkur spektakl ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirib, milliy san’at va adabiyotimizga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qildi.
Rasmiy sahifalarimiz!