Toshkent davlat tibbiyot universitetida davolash ishi yo‘nalishi bitiruvchi talabalari uchun Yakuniy davlat attestatsiyasiga bag‘ishlangan muhim uchrashuv tashkil etildi.

Mazkur uchrashuvda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda bitiruvchi talabalar ishtirok etib, 2025–2026 o‘quv yilida o‘tkaziladigan Yakuniy davlat attestatsiyasining tashkiliy jihatlari, baholash mezonlari va imtihon bosqichlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi. Qayd etilishicha, joriy yilda universitet bo‘yicha jami 1613 nafar bitiruvchi talabalar attestatsiya jarayonlarida ishtirok etadi.

Uchrashuv davomida Toshkent davlat tibbiyot universiteti rahbariyati talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ularning imtihonlarga tayyorgarlik darajasi, mutaxassislik fanlari bo‘yicha bilimlari hamda kelgusidagi kasbiy rejalari bilan yaqindan qiziqdi.

Yakuniy davlat attestatsiyasi raisi — Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Gastrointestinal va minimal invaziv xirurgiya bo‘limi ilmiy rahbari, professor Askar Anvarovich Adilxodjayev talabalar bilan uchrashuv davomida ularga imtihon jarayonlarida o‘z bilim va ko‘nikmalarini to‘liq namoyon etishlarini tilab, mazkur bosqich bo‘lajak shifokorlar uchun muhim sinov ekanligini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, Yakuniy davlat attestatsiyasi raisi o‘rinbosari, professor Ilhomjon Asamovich Karimjonov ham talabalar oldida so‘zga chiqib, amaliy ko‘nikmalarni namoyon etish, klinik fikrlashni rivojlantirish hamda vaziyatli masalalarni yechishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan muhim jihatlar haqida atroflicha tushuntirish berdi.

Tadbir davomida Yakuniy davlat attestatsiyasining bosqichlari, test sinovlari, OSKE (obyektiv strukturaviy klinik imtihon) jarayonlari hamda amaliy ko‘nikmalarni baholash mezonlari yuzasidan keng qamrovli ma’lumotlar taqdim etildi. Imtihonlar terapiya, xirurgiya, akusherlik va ginekologiya hamda pediatriya kabi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etilishi, ular zamonaviy simulyatsion markazlar hamda test markazlarida o‘tkazilishi qayd etildi.Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassislar tomonidan batafsil va asosli javoblar oldilar. Mazkur uchrashuv bitiruvchilarning Yakuniy davlat attestatsiyasiga puxta tayyorgarlik ko‘rishi, nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Rasmiy sahifalarimiz!

Telegram|Facebook|Instagram| YouTube|X|Linkedin

Leave a comment