



2026-yil 11-iyun kuni Toshkent davlat tibbiyot universiteti Farmatsiya, menejment, tibbiy biologik ish, biotibbiyot muhandisligi va oliy hamshiralik ishi fakultetining Biotibbiyot muhandisligi ta’lim yo‘nalishi bitiruvchilari uchun Yakuniy davlat attestatsiyasining og‘zaki OSKI (Obyektiv strukturallashtirilgan klinik imtihon) sinovi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur imtihonda Yakuniy davlat attestatsiyasi raisi, Toshkent davlat axborot texnologiyalari universiteti Robototexnika va intellektual tizimlar kafedrasi mudiri, texnika fanlari doktori, dotsent K.E. Shukurov, rais muovini, TDTU Biotibbiyot muhandisligi, informatika va biofizika kafedrasi mudiri, professor M.I. Bazarbaev, fakultet dekani, professor Q.E. Shomurodov, professor-o‘qituvchilar hamda bitiruvchi talabalar ishtirok etdilar.
OSKI imtihoni davomida talabalar ta’lim jarayonida egallagan amaliy ko‘nikmalari, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ishlash malakasi, muhandislik tafakkuri va kasbiy kompetensiyalarini namoyish etdilar.
Bugungi kunda biotibbiyot muhandisligi yo‘nalishi tibbiyot va yuqori texnologiyalar chorrahasida shakllanayotgan eng istiqbolli sohalardan biri hisoblanadi. Sun’iy intellekt, robototexnika, raqamli diagnostika va zamonaviy tibbiy qurilmalar bilan ishlay oladigan mutaxassislarni tayyorlash esa zamon talabi bo‘lib qolmoqda.
Toshkent davlat tibbiyot universitetida tashkil etilayotgan bunday amaliy imtihonlar nafaqat bilimlarni baholash, balki sog‘liqni saqlash tizimi uchun raqobatbardosh, innovatsion fikrlaydigan va zamonaviy kasblar egalarini tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Kelajak tibbiyotining muhandislari bo‘lish sari dadil qadam qo‘yayotgan bitiruvchilarga ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!
Rasmiy sahifalarimiz:
Telegram | Facebook | Instagram | YouTube | X | Linkedin