“Bitiruvchi – 2026”: yangi avlod shifokorlari katta hayotga kuzatildi

Bugun Toshkent shahridagi “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida Toshkent davlat tibbiyot universitetining “Bitiruvchi – 2026” tantanali bitiruv marosimi tashkil etildi.
Mazkur tadbir minglab yosh mutaxassislar hayotidagi eng muhim va mas’uliyatli bosqichlardan biriga aylandi. Marosimda sog‘liqni saqlash tizimi vakillari, universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, ota-onalar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Tadbir davomida bitiruvchilarning ta’lim yillaridagi yutuqlari, ilmiy va amaliy faoliyati aks etgan videolavhalar namoyish qilinib, universitetning eng faol va iqtidorli talabalari e’tirof etildi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan Adxam Xudaykulov bitiruvchilarni hayotlaridagi ushbu muhim sana bilan samimiy tabriklab, mamlakat tibbiyotini rivojlantirish yo‘lida ulkan mas’uliyat va sharafli vazifalar kutayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u yosh shifokorlarga kelgusi kasbiy faoliyatida muvaffaqiyat, fidoyilik va yuksak natijalar tiladi.
Bayram tadbiri san’at ustalarining chiqishlari, musiqiy va ijodiy dasturlar bilan yanada ko‘tarinki ruhda davom etdi. Marosimning eng hayajonli lahzasi sifatida 4 ming nafardan ortiq bitiruvchilar shifokorlik qasamyodini qabul qilib, xalq salomatligini asrash yo‘lida sidqidildan xizmat qilishga tantanali va’da berdilar.
“Bitiruvchi – 2026” nafaqat bitiruvchilarning talabalik davriga yakun yasagan, balki ularning tibbiyot sohasidagi sharafli kasbiy faoliyatiga mustahkam qadam qo‘ygan unutilmas kun sifatida tarixda qoldi.
“Bitiruvchi – 2026” tantanali bitiruv marosimining to‘liq jarayonlari universitetning rasmiy YouTube sahifasida e’lon qilingan bo‘lib, uni istalgan vaqtda tomosha qilishingiz mumkin.
Telegram | Facebook | Instagram | YouTube | X | linkedin | Tik Tok

Leave a comment