Toshkent davlat tibbiyot universiteti va Respublika ixtisoslashtirilgan akademik V. Vohidov nomidagi xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida xalqaro master-klass o‘tkazildi.

Toshkent davlat tibbiyot universiteti va Respublika ixtisoslashtirilgan akademik V. Vohidov nomidagi xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida xalqaro master-klass o‘tkazildi.

“Zamonaviy ginekologiyada jarrohlik innovatsiyalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan akademik V. Vohidov nomidagi xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yuqori texnologik xalqaro master-klass tashkil etildi.

Master-klass Toshkent davlat tibbiyot universitetining Akusherlik va ginekologiya, bolalar ginekologiyasi kafedrasi mudiri B.B. Kurbanov hamda 2-son fakultet va gospital xirurgiya, transplantologiya kafedrasi mudiri S.I. Ismailov boshchiligida tashkil etildi. Tadbir universitetda 25–26-iyun kunlari o‘tkazilayotgan “Zamonaviy ginekologiyada jarrohlik innovatsiyalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman dasturi doirasida amalga oshirildi.

Master-klassning asosiy voqeasi sifatida EDGE robotik jarrohlik tizimi yordamida O‘zbekiston Respublikasi davlat tibbiyot muassasalari tarixida ilk bor robot yordamida total gisterektomiya amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi. Operatsiya Janubiy Koreyaning The Catholic University of Korea professori, St. Vincent’s Hospital Ginekologik onkologiya bo‘limi rahbari, tibbiyot fanlari doktori Joo Hee Yoon rahbarligida o‘tkazildi. Professor o‘zining robotik va minimal invaziv ginekologik jarrohlik bo‘yicha ko‘p yillik xalqaro tajribasi bilan o‘rtoqlashdi hamda amaliy mashg‘ulot davomida zamonaviy jarrohlik yondashuvlarini namoyish etdi.

Master-klassda professor-o‘qituvchilar, amaliyotchi shifokorlar, klinik ordinatorlar va yosh mutaxassislar ishtirok etib, robotik jarrohlikning zamonaviy imkoniyatlari, innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish hamda xalqaro tajribani o‘rganish yuzasidan o‘z bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamladilar.
Mazkur master-klass mamlakatimizda robotik jarrohlikni rivojlantirish, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni davlat tibbiyot muassasalari amaliyotiga keng joriy etish hamda Toshkent davlat tibbiyot universitetining xalqaro ilmiy hamkorligini yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Rasmiy sahifalarimiz!

Telegram | Facebook | Instagram| YouTube | X | Linkedin

Leave a comment