
#xalqarohamkorlik O‘zbekiston tibbiyoti nufuzi xalqaro maydonda yuksalmoqda
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, tibbiy ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining amaliy natijalarini xalqaro maydonda namoyon etmoqda.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti Otorinolaringologiya kafedrasi dotsenti, mohir plastik jarroh Murod Mirzoxidovich Jafarov ayni kunlarda dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim va ilmiy markazlaridan biri — Stanford University (AQSH)da malaka almashish va ilmiy hamkorlik dasturida ishtirok etmoqda.
Mazkur tashrif doirasida olim ko‘p yillik ilmiy izlanishlari hamda rekonstruktiv va plastik jarrohlik sohasidagi amaliy tajribalarini universitetning professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilariga taqdim etdi.
O‘zbekistonlik mutaxassisning ilmiy ma’ruzasi va amaliy tajribasi xorijlik ekspertlar tomonidan yuksak baholanib, zamonaviy tibbiyot rivojiga qo‘shilayotgan munosib hissa sifatida e’tirof etildi.
Bu yutuq nafaqat bir olimning muvaffaqiyati, balki Toshkent davlat tibbiyot universitetida ilm-fan, innovatsiya va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan strategiyaning amaliy natijasidir.
Bugun o‘zbekistonlik shifokor va olimlar xalqaro ilmiy maydonda o‘z bilim va tajribasi bilan mamlakatimiz tibbiyotining nufuzini munosib namoyon etmoqda. Bu esa Yangi O‘zbekiston tibbiyotining jahon ilmiy hamjamiyatidagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganining yorqin ifodasidir.
Rasmiy sahifalarimiz:
Telegram | Facebook | Instagram | YouTube | X | Linkedin