Toshkent davlat tibbiyot universitetida «Yoshlar va rahbar uchrashuvi» bo‘lib o‘tdi

Uchrashuvda sog‘liqni saqlash tizimi uchun tahsil olayotgan talaba-yoshlar davlat organlari rahbarlari bilan bevosita muloqot qilish, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish hamda dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish imkoniga ega bo‘ldilar.
Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari Jaloliddin Asamutdinov, Toshkent davlat tibbiyot universiteti rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida mehmonlar universitetning zamonaviy infratuzilmasi, ta’lim jarayonlari, ilmiy salohiyati hamda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Muloqot davomida sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaning oldini olish, halollik va shaffoflik tamoyillarini qaror toptirish, komplayens nazoratini takomillashtirish hamda bo‘lajak tibbiyot xodimlarida yuksak kasbiy etika va mas’uliyatni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvning ochiq muloqot shaklida o‘tgani talabalarga o‘z fikr va takliflarini erkin bildirish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan savollar berish hamda mutasaddilarning fikr-mulohazalarini tinglash imkonini yaratdi.
Ta’kidlanganidek, sog‘liqni saqlash tizimining kelajagi bo‘lgan yosh mutaxassislarni halollik, qonun ustuvorligi va kasbiy mas’uliyat ruhida tarbiyalash bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biridir. Shu nuqtai nazardan, «Yoshlar va rahbar uchrashuvi» talaba-yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni mustahkamlash hamda davlat organlari bilan ochiq muloqotni rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim platforma bo‘ldi.
Telegram | Facebook | Instagram | YouTube | X | linkedin | Tik Tok

Leave a comment