Toshkent davlat tibbiyot universiteti vakillari Stenford universitetida malaka oshirish va amaliy tajriba almashish dasturida ishtirok etdi

2025-yilda AQShning dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Stenford universiteti bilan Toshkent davlat tibbiyot universiteti o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik doirasida universitetning Otorinolaringologiya kafedrasi dotsenti, mohir plastik jarroh Murod Mirzoxidovich Jafarov boshchiligidagi delegatsiya 2026-yil iyun oyida Stenford universitetiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida delegatsiya Stenford universitetida tashkil etilgan malaka oshirish dasturida ishtirok etib, universitetning ilmiy-tadqiqot markazlari, klinik bazalari hamda zamonaviy ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Mutaxassislar zamonaviy plastik va rekonstruktiv jarrohlik, innovatsion davolash usullari hamda ilg‘or klinik yondashuvlar bo‘yicha amaliy tajriba almashdilar.
Dastur doirasida Murod Mirzoxidovich Jafarov Stenford universiteti professor-o‘qituvchilari va mutaxassislari uchun O‘zbekiston tibbiyotining bugungi yutuqlari, zamonaviy jarrohlik amaliyoti hamda ko‘p yillik ilmiy izlanishlari natijalariga bag‘ishlangan ilmiy taqdimot bilan ham ishtirok etdi. Ma’ruza tinglovchilar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinib, yuksak baholandi.
Mazkur tashrif davomida tomonlar zamonaviy tibbiyot, ta’lim va amaliyot yo‘nalishlarida o‘zaro tajriba almashib, shifokorlarning kasbiy malakasini oshirish va ilg‘or tajribalarni o‘rganish borasida samarali muloqot olib bordilar.

Rasmiy sahifalarimiz!

Telegram | Facebook | Instagram | YouTube | X | Linkedin

Leave a comment