





Ta’limni internatsionalizatsiya qilish strategiyasini amalga oshirish hamda xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish doirasida Toshkent davlat tibbiyot universiteti Xirurgik stomatologiya va dental implantologiya kafedrasi assistenti Xomidov Muhammad Abdusobitovich Hindiston Respublikasining Faridobod shahridagi Amrita Hospitalning rekonstruktiv va plastik jarrohlik bo‘limida kasbiy stajirovka o‘tamoqda. Stajirovka dasturida, shuningdek, Toshkent davlat tibbiyot universiteti magistri Yusupova Xurshida Ibrohimovna ham ishtirok etmoqda. Bu universitet yosh mutaxassislarining xalqaro ta’lim va ilmiy faoliyatga faol jalb etilayotganini namoyon etadi.
Amrita Hospital Osiyodagi eng yirik yuqori texnologiyali ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlaridan biri bo‘lib, ilg‘or klinik, ta’lim va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan. Shifoxona jahon darajasidagi zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, har yili minglab bemorlarga yuqori ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatadi. Bu yerda innovatsion jarrohlik texnologiyalarini, mikrojarrohlik, rekonstruktiv va plastik jarrohlikni rivojlantirish, shuningdek, yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Stajirovka davomida rekonstruktiv va plastik jarrohlik amaliyotlariga zamonaviy yondashuvlar, ixtisoslashtirilgan jarrohlik yordamini tashkil etish, innovatsion texnologiyalarni klinik amaliyotga joriy etish hamda fanlararo hamkorlik tamoyillari chuqur o‘rganilmoqda. O‘zlashtirilgan bilim va amaliy tajriba Toshkent davlat tibbiyot universiteti Xirurgik stomatologiya va dental implantologiya kafedrasida ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda klinik faoliyat sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Tashrif davomida Amrita Hospital rahbariyati bilan uzoq muddatli akademik va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan muzokaralar alohida ahamiyat kasb etdi. Hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishda Toshkent davlat tibbiyot universiteti Xirurgik stomatologiya va dental implantologiya kafedrasi assistenti Xomidov Muhammad Abdusobitovich hamda universitet magistri Yusupova Xurshida Ibrohimovna ishtirok etdi.
O‘tkazilgan uchrashuvlar yakunlariga ko‘ra, Toshkent davlat tibbiyot universiteti va Amrita Hospital o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi (Memorandum of Understanding — MoU)ni tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mazkur memorandumning imzolanishi universitetning xalqaro aloqalarini mustahkamlashda muhim bosqich bo‘lib, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish, talabalar, magistrantlar, yosh olimlar va shifokorlarning akademik mobilligini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim dasturlari, mahorat darslari, stajirovkalar hamda tibbiyot kadrlarining malakasini oshirish dasturlarini tashkil etish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti yetakchi xorijiy tibbiyot va ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini izchil kengaytirib bormoqda. Hindistonning yirik tibbiyot markazlaridan biri bilan hamkorlik aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi universitetning ta’lim, ilmiy va klinik faoliyatiga ilg‘or jahon tajribasini joriy etish, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish hamda Toshkent davlat tibbiyot universitetining jahon akademik maydonidagi nufuzini yanada mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Bizni kuzating