
Toshkent davlat tibbiyot universitetida texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining 2-bosqichiga suhbat asosida qabul qilish jarayonlari boshlandi.
Amaldagi tartibga muvofiq, tibbiyot texnikumlarini muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘qish davrida o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari belgilangan talablarga javob beradigan bitiruvchilar o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali o‘qishga qabul qilinish imkoniyatiga ega.
Universitetda tashkil etilgan suhbat jarayonlarida bitiruvchilarning tanlagan bakalavriat yo‘nalishiga bo‘lgan motivatsiyasi, shaxsiy-kasbiy xususiyatlari, soha bo‘yicha bilim va kasbiy ko‘nikmalari, shuningdek, o‘z sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi tushunchalari baholanmoqda.
Mazkur jarayon texnikum bitiruvchilarining o‘z mutaxassisligi bo‘yicha oliy ta’limni davom ettirishi va tibbiyot sohasida malakali kadrlar tayyorlash tizimining uzviyligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Rasmiy sahifalarimiz!