
Toshkent davlat tibbiyot universitetida navbatdagi Ilmiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda universitet rahbariyati, Ilmiy kengash a’zolari, professor-o‘qituvchilar hamda mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida 2026/2027-o‘quv yilida amalga oshiriladigan ishlar, ustuvor vazifalar va kelgusidagi rejalar atroflicha muhokama qilindi.
Universitet rektori, professor Sh.A. Boymuradov ma’ruza qilib, yangi o‘quv yilida amalga oshirilishi rejalashtirilgan muhim vazifalar, ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish, ilmiy faoliyatni rivojlantirish hamda belgilangan maqsadlarni samarali amalga oshirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, Toshkent davlat tibbiyot universitetining joriy yilda erishgan yuqori natijalari alohida qayd etildi. Xususan, universitet xalqaro Times Higher Education Impact Rankings reytingida qator barqaror rivojlanish yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori natijalarni qayd etdi.
Jumladan, universitet SDG 3 — “Sog‘liq va farovonlik” yo‘nalishida dunyo universitetlari orasida 81-o‘rinni, SDG 4 — “Sifatli ta’lim” yo‘nalishida 101–200-o‘rinlarni, SDG 7 — “Arzon va toza energiya” yo‘nalishida 401–600-o‘rinlarni, umumiy Sustainability Impact Rating natijasida esa 601–800-o‘rinlarni egalladi.
Mazkur natijalar universitetda ta’lim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, barqaror rivojlanish va ijtimoiy mas’uliyat yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlarning xalqaro miqyosdagi e’tirofini namoyon etadi.
Ilmiy kengashda erishilgan natijalarni yanada mustahkamlash, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va 2026/2027-o‘quv yilida yanada yuqori ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilish yangi o‘quv yilini puxta rejalashtirish, ta’lim va ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish hamda Toshkent davlat tibbiyot universitetining erishilgan natijalarini yanada yuksaltirish ga qaratilgan muhim vazifalarni belgilash bilan yakunlandi.
Rasmiy sahifalarimiz!