
Mustaqillikning 35-yillgi: taraqqiyot va milliy yuksalish!
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligiga bag‘ishlangan nutqini o‘qib, uni nafaqat o‘tgan davr sarhisobi, balki mamlakatimizning yangi taraqqiyot bosqichi uchun muhim strategik qarashlar ifodasi sifatida qabul qildim.
Mustaqillikning 35-yiligi – davlatchiligimizni mustahkamlash, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqaro hamjamiyatida munosib o‘rin egallash, o‘zligimiz va milliy qadriyatlarimizni anglash davridir. Ayniqsa, so‘nggi yillarda inson qadri, ijtimoiy adolat va aholi farovonligi davlat siyosatining markaziga chiqdi.
Nutqda belgilangan yettita ustuvor dasturni men o‘zaro bog‘liq yaxlit taraqqiyot tizimi sifatida ko‘raman. Ta’lim va ilm-fan, sog‘liqni saqlash, zamonaviy iqtisodiyot, ekologik barqarorlik, qonun ustuvorligi, mahalla va tinchlik-totuvlik – barchasini birlashtirib turgan asosiy g‘oya inson salohiyatini yuksaltirish orqali jamiyat va davlatni yanada rivojlantirishdir.
Bu jarayonda yoshlar hal qiluvchi kuch. Ular mamlakatning ertangi kuni, bugungi intellektual va ijtimoiy salohiyatidir. Yoshlarga sifatli ta’lim, zamonaviy kasblar, ilm-fan, raqamli texnologiyalar va tadbirkorlik uchun imkoniyat yaratish – kelajakka kiritilayotgan eng muhim sarmoyadir. Shu ma’noda «Uchinchi Renessans» g‘oyasi ham faqat yangi muassasalar barpo etish emas. U, avvalo, tafakkurni yangilash, ilmga intilish, yangi bilim va g‘oya yaratadigan avlodni shakllantirish demakdir.
Tashqi siyosatdagi ochiqlik va yaxshi qo‘shnichilik siyosati esa mustaqillikning zamonaviy mazmunini namoyon etmoqda. Mustaqillik – dunyodan uzilish emas, milliy manfaatlarni anglagan holda dunyo bilan teng va ochiq muloqot qila olish qobiliyatidir.
Prezident nutqidagi «Kelgusi o‘n yillik – biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi» degan g‘oyani shu nuqtai nazardan muhim tarixiy vazifa sifatida qabul qilaman. Milliy yuksalish – faqat iqtisodiy o‘sish emas. U kuchli iqtisodiyot, sifatli ta’lim, ilm-fan va texnologiya, qonun ustuvorligi, ijtimoiy hamjihatlik va eng muhimi, insonning yuksalishi uyg‘unligidir.
A.Xudayberdiyev – Ijtimoiy fanlar, pedagogika va psixologiya kafedrasi dotsenti (DSc).
Rasmiy sahifalarimiz!