Tibbiyot ta’limda zamonaviy texnologiyalar qo‘llanilmoqda

So‘nggi yillarda tibbiyot oliygohlarida o‘qitish usullari tubdan o‘zgarmoqda. Ko‘pchilik hali ham haqiqiy murda materialisiz sifatli shifokor tayyorlab bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. Ammo bugungi kunning haqiqati boshqacha: zamonaviy simulyasion markazlar va 3D laboratoriyalar murda materialiga to‘laqonli muqobil bo‘la oladigan samarali va xavfsiz texnologik yechim sifati qo‘llanilmoqda.

Bugungi tibbiyot oliygohlarida robotlar, yuqori aniqlikdagi fantomlar, anatomik preparatlar, mulyajlar, interaktiv stollar, virtual va kengaytirilgan reallik tizimlari bilan jihozlangan simulyasion markazlar faoliyat yuritmoqda. Bu texnologiyalar talabaga real klinik vaziyatni xavfsiz muhitda yaratish, murakkab anatomik tuzilmalarni batafsil ko‘rish, jarayonni qayta-qayta mashq qilish va xatolarni tuzatish imkonini beradi. Sun’iy intellekt, 3D modellashtirish va animasion materiallar o‘quv jarayonini yanada interaktiv, individual va chuqurlashtirish imkonini beradi. Talaba istalgan vaqtda istalgan patologiyani, istalgan marta, istalgan rakursdan o‘rganishi mumkin.

Bu yondashuvning eng muhim afzalligi — xavfsizlik va etik tozalikdir. Haqiqiy murda bilan ishlash cheklangan resurs, murakkab logistika va ma’naviy masalalarni keltirib chiqaradi. Zamonaviy simulyatorlar esa cheksiz foydalanish, turli holatlarni modellashtirish va har bir talabaga individual yondashuvni ta’minlaydi. Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, simulyasion ta’lim klinik ko‘nikmalarni mustahkamlashda an’anaviy usullardan kam emas, ba’zi holatlarda esa undan ustun turadi.

Yuqoridagi ma’lumotlar dunyoda e’tirof etilgan tajriba hisoblanib, xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan. O‘zbekiston tibbiyot oliygohlari bitiruvchilarining xalqaro natijalari buni yaqqol isbotlaydi. Hindistonning tibbiyot sohasidagi eng muhim lisenziyalash imtihonlaridan biri hisoblangan Foreign Medical Graduate Examination (FMGE)ning 2025 yil uchun natijalari bo‘yicha O‘zbekiston tibbiyot oliygohlari bitiruvchilari eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etdi. Unga ko‘ra, tibbiyot sohasi bo‘yicha chet ellik talabalarni tayyorlaydigan davlatlar orasida O‘zbekiston 40,37 foizlik muvaffaqiyat ko‘rsatkichi bilan dunyoda 4-o‘rinni, MDH va Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari o‘rtasida 1-o‘rinni egalladi. Bu yutuq tasodifiy emas — u zamonaviy ta’lim texnologiyalari, sifatli o‘quv dasturlari va amaliyotga yo‘naltirilgan yondashuvning natijasidir.

Shunday ekan, tibbiy ta’limni faqat haqiqiy murda materialiga bog‘lab qo‘yish — o‘tmishdagi yondashuvdir. Bugungi kunning eng ilg‘or va samarali yo‘li — zamonaviy simulyasion markazlar, 3D laboratoriyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishdir. Aynan shu yo‘l kelajak shifokorlarini xavfsiz, chuqur va xalqaro standartlarga mos tayyorlashga xizmat qiladi.

Leave a comment