



Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash, ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda uzluksiz kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Yangi yondashuvlar asosida:
tibbiyot oliygohlariga qabul parametrlari hududlar va tibbiyot muassasalarining real ehtiyoji hamda kadrlar yetishmovchiligi asosida shakllantiriladi. Davlat buyurtmasi yoʻnalishlar kesimida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
2027/2028 o‘quv yilidan “Davolash ishi” yo‘nalishi o‘rniga 6-yillik “Umumiy tibbiyot” bakalavriat dasturi joriy etish taklif qilinmoqda. Besh yillik ta’limdan so‘ng talabalar bir yil to‘liq amaliy tayyorgarlikdan o‘tadi;
dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga oilaviy shifokor sifatida ishlash imkoniyati beriladi;
tor soha mutaxassislarini tayyorlash bosqichma-bosqich rezidenturaga o‘tkaziladi, magistratura esa asosan ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga yo‘naltiriladi;
rezidentlarning oilaviy poliklinikalarda bir vaqtning o‘zida ta’lim olishi va amaliyot o‘tashi yo‘lga qo‘yiladi;
farmatsevtika ta’limi ishlab chiqarish bilan yanada yaqinlashtirilib, dual ta’lim kengaytiriladi va talabalarning amaliy tayyorgarligi kuchaytiriladi;
barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qamrab oladigan yagona elektron reyestr shakllantiriladi;
mutaxassislarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustaqil baholash tizimi joriy etiladi;
2027-yildan davlat ro‘yxatidan o‘tish ixtiyoriy, 2030-yildan majburiy tartibda amalga oshirilishi taklif qilinmoqda;
tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun uzluksiz kasbiy ta’limning kredit-modul tizimi joriy etiladi. Oliy ma’lumotli xodimlar har yili kamida 50 kredit, o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari esa 28 kredit to‘playdi;
mutaxassislarga ta’lim provayderi, dastur va o‘qish shaklini mustaqil tanlash imkoniyati beriladi. Onlayn kurslar, masofaviy ta’lim, ish joyida malaka oshirish, seminar va treninglar kabi shakllardan foydalanish mumkin bo‘ladi;
xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy dastur va tadbirlarda olingan kreditlarni tan olish mexanizmi joriy etiladi.
Facebook | Instagram | YouTube|Telegram