Toshkent davlat tibbiyot universitetida yangi o‘quv yili ilmiy-ma’naviy ruhda boshlandi

Toshkent davlat tibbiyot universitetida yangi o‘quv yilining ilk mashg‘ulotlari o‘ziga xos ma’naviy va ilmiy ruhda boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan mashg‘ulotlarda mamlakatimiz taraqqiyoti, istiqlol yillarida ta’lim va tibbiyot sohalarida amalga oshirilgan islohotlar, shuningdek, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.

Ayni paytda yangi o‘quv yilining ilk mashg‘ulotlari universitet tarixidagi muhim tashabbuslardan biri — “Ilmiy meros haftaligi” loyihasi bilan uyg‘unlashdi. Mazkur loyihaga rasman start berildi.
Loyihaning asosiy maqsadi — Toshkent davlat tibbiyot universitetida shakllangan ilmiy maktablarni, mamlakatimiz tibbiyot fani taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan ustoz olimlarning ilmiy merosini yangi avlodga yetkazish, shuningdek, ular tomonidan ilgari surilgan ilmiy g‘oyalarni bugungi tadqiqotlar bilan bog‘lashdan iborat.
“Ilmiy meros haftaligi”ning ilk qahramoni — O‘zbekiston farmakologiya ilmi rivojiga o‘ziga xos hissa qo‘shgan professor Is’hoq Kamilov.
Shu munosabat bilan mashg‘ulotlar davomida talabalar Mustaqillikning mazmun-mohiyati va qadr-qimmati haqidagi suhbatlar bilan bir qatorda, professor Is’hoq Kamilovning hayoti va ilmiy faoliyati, milliy farmakologiya rivojiga qo‘shgan hissasi, dorivor o‘simliklarni o‘rganish borasidagi tadqiqotlari hamda u yaratgan ilmiy an’analar bilan yaqindan tanishdilar.
Ushbu ikki mavzuning bir mashg‘ulotda uyg‘unlashishi bejiz emas. Mustaqillik — nafaqat bugungi imkoniyatlar, balki o‘z tariximizni anglash, milliy ilm-fanimizga munosib baho berish va ustozlar tomonidan qoldirilgan ilmiy merosni yangi avlodga yetkazish mas’uliyatidir.
Shu ma’noda, “Ilmiy meros haftaligi” tarixni yodga olish bilangina cheklanmaydi. Loyiha doirasida olimning ilmiy-publitsistik portreti, arxiv materiallari, shogirdlar xotiralari, jonli muloqotlar hamda talaba-yoshlar ishtirokidagi uchrashuvlar orqali kechagi ilm-fan va bugungi avlod o‘rtasida ilmiy muloqot maydonini yaratish ko‘zda tutilgan.
Professor Is’hoq Kamilov ilmiy merosini o‘rganishdan boshlangan mazkur tashabbus kelgusida universitetning boshqa yirik olimlari va ilmiy maktablari faoliyati misolida ham davom ettiriladi.
Loyihaning asosiy maqsadi — tarixga aylangan ilmiy merosni kelajak avlodga yetkazish va uning davomiyligini ta’minlashdir.

Rasmiy sahifalarimiz!

Telegram | Facebook | Instagram| YouTube | X | Linkedin

Leave a comment