Yangi avlod, yangi marralar: Toshkent davlat tibbiyot universitetida 1-bosqich talabalari kutib olindi

Bugun Toshkent davlat tibbiyot universitetining barcha kampuslarida yangi o‘quv yilining ilk qadamlari tashlandi. 2026/2027-o‘quv yilida universitet talabasi bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lgan 1-bosqich yoshlar tantanali ravishda kutib olindi.

“Yangi 2026–2027-o‘quv yilingiz muborak bo‘lsin!” shiori ostida tashkil etilgan tadbirlarda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, faxriylar, taniqli shoirlar va ijodkorlar hamda talabalar ishtirok etdi. Tadbirlar davomida universitet hayotiga ilk bor qadam qo‘yayotgan yoshlarni yangi muhit bilan tanishtirish, ularga talabalik davrining mas’uliyati va imkoniyatlari haqida tushuncha berishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan barcha kampuslarda “Mustaqillik darsi” tashkil etildi. Unda yurtimizning mustaqillik yillaridagi taraqqiyot yo‘li, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, yoshlarning bilim olishi, kasbiy rivojlanishi va o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.

Bugungi tadbirlar yangi talabalar uchun shunchaki kutib olish marosimi emas, balki katta maqsadlar sari boshlanayotgan yangi bosqichning ilk qadami bo‘ldi.

Endilikda kechagi abituriyentlar — Toshkent davlat tibbiyot universitetining yangi talabalari. Ularni oldinda bilim, izlanish, tajriba va kelajakdagi kasbiy faoliyat sari olib boradigan muhim yillar kutmoqda.

Rasmiy sahifalarimiz!

Telegram | Facebook | Instagram| YouTube | X | Linkedin

Leave a comment