Magistratura to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

#Qonunchilik_yangiliklarMagistratura to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
Hukumatning “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimida magistratura bosqichida kadrlar tayyorlashni takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2026-yil 17-sentyabrdagi 500-son qarori bilan Magistratura to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tashkilotlarida magistraturada kadrlar tayyorlash tegishli bakalavriat negizidagi aniq mutaxassislik bo‘yicha nazariy bilimlar, fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqot (ilmiy-ijodiy) ishlar, shuningdek, mutaxassislikka mos korxona va tashkilotlarda tadqiqot ishlari hamda amaliyot (stajirovka)larni amalga oshirishni nazarda tutadi.
Nizomga ko‘ra: magistratura bosqichida kadrlar ishlab chiqarish dasturiga yo‘naltirilgan — kamida 1 yil, ilmiy-pedagogik dasturga yo‘naltirilgan — kamida 2 yil muddatda tayyorlanadi;
ta’lim jarayoni magistratura mutaxassisligi o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq kunduzgi, kechki yoki masofaviy ta’lim shakllarida tashkil etiladi;
magistrlik dissertatsiyasi bo‘yicha ilmiy rahbar xulosasi, plagiatga yo‘l qo‘yilmaganini tasdiqlovchi ma’lumotnoma (sertifikat) taqdim etiladi hamda dissertatsiya “Yashirin ekspert taqrizi”dan o‘tkaziladi;
amaliy dasturga yo‘naltirilgan magistratura bitiruvchilari mutaxassislik xususiyatidan kelib chiqib, loyiha ishi, konstruktorlik loyihasi, startap loyihasi, ratsionalizatorlik g‘oyasi, amaliy-ijodiy asar yoki boshqa turdagi ishni tayyorlab, himoya qiladi;
ilmiy-pedagogik dasturga yo‘naltirilgan magistratura bitiruvchilari magistrlik dissertatsiyasini tayyorlaydi va himoya qiladi;
magistrlik dissertatsiyasining mavzusi, qisqacha annotatsiyasi va himoya kuni oliy ta’lim tashkiloti veb-saytida e’lon qilinadi.
Shuningdek: magistraturada ta’lim jarayoni bakalavriat negizida, kadrlar buyurtmachilari ishtirokida va kasbiy standartlar asosida ishlab chiqilgan aniq magistratura mutaxassisligi bo‘yicha malaka talablari, o‘quv reja va dasturlariga muvofiq tashkil etiladi;
ish beruvchi tashkilotlar talablari asosida magistrlarni maqsadli tayyorlash amalga oshiriladi;
magistrlik dissertatsiyalarining himoyasi ilmiy tadqiqot ishining xususiyatidan kelib chiqib, oliy ta’lim tashkiloti, Fanlar akademiyasi yoki tegishli tarmoq ilmiy-tadqiqot yoxud ishlab chiqarish korxona va tashkilotlarida tashkil etilishi mumkin;
oliy ta’lim tashkilotlarining o‘zaro kelishuviga muvofiq magistrlik dissertatsiyalarini ikki nafar talaba hamkorligida, fanlararo bog‘liqlik asosida tayyorlashga ruxsat etiladi.
Facebook | Instagram | YouTube|Telegram

Leave a comment