Toshkent davlat tibbiyot universiteti dotsenti Indoneziyada xalqaro mehmon ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi

Toshkent davlat tibbiyot universiteti Yuz-jag‘ jarrohligi va stomatologiya kafedrasi dotsenti, tibbiyot fanlari doktori (DSc) Shohrux Yusupov Indoneziyaning nufuzli Universitas Muhammadiyah Yogyakarta (UMY) universiteti tomonidan xalqaro mehmon ma’ruzachi sifatida taklif etildi.

2026-yil 1-sentabr kuni Yogyakarta shahridagi RS PKU Muhammadiyah Gamping klinikasida tashkil etilgan ikki soatlik akademik mashg‘ulotda klinik clerkship bosqichida tahsil olayotgan tibbiyot talabalari ishtirok etdi. Tadbir UMYning Tibbiyot va sog‘liqni saqlash fanlari fakulteti, Tibbiyot maktabi hamda Tibbiy kasb dasturi hamkorligida o‘tkazildi.

Ma’ruza “Yuz-jag‘ travmalarida klinik qaror qabul qilish: dastlabki baholash, shoshilinch barqarorlashtirish va xavfsiz yo‘llanma” mavzusiga bag‘ishlandi.

Mashg‘ulot davomida yuz-jag‘ sohasi va orbita travmalarining anatomik xususiyatlari, bemorni klinik baholash, diagnostika, shoshilinch tibbiy yordam hamda davolash jarayonida muhim bo‘lgan klinik yondashuvlar muhokama qilindi. Shuningdek, nazariy bilimlarni real klinik amaliyot bilan bog‘lash, murakkab travmatik holatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish va bemorni tegishli mutaxassisga o‘z vaqtida yo‘naltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Xalqaro akademik maydonda TSMU professor-o‘qituvchisining ishtiroki O‘zbekiston tibbiyot ta’limi vakillarining xorijiy universitetlar bilan ilmiy-pedagogik hamkorligini kengaytirish, ilg‘or klinik tajribalarni almashish va zamonaviy tibbiy ta’lim yondashuvlarini ommalashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Bunday xalqaro ma’ruzalar Tashkent davlat tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilarining ilmiy va pedagogik salohiyatini namoyon etish bilan birga, universitetning xalqaro akademik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Rasmiy sahifalarimiz!

Telegram | Facebook | Instagram| YouTube | X | Linkedin

Leave a comment