





VIII YEVROOSIYO REVMATOLOGLAR KONGRESSI TOSHKENTDA ISH
BOSHLADI
25-sentabr kuni Toshkentda VIII Yevroosiyo revmatologlar
kongressi — LEAR 2026 o‘z ishini boshladi.
Nufuzli xalqaro ilmiy anjuman revmatologiya sohasidagi
yetakchi olimlar, klinitsistlar va yosh tadqiqotchilarni bir maydonda jamladi.
Kongressning bosh maqsadi — revmatik kasalliklarni erta aniqlash, zamonaviy
davolash strategiyalarini takomillashtirish, ilg‘or ilmiy yutuqlarni klinik
amaliyotga tatbiq etish va bemorlarning hayot sifatini yaxshilashga xizmat
qiladigan tajribalarni o‘zaro almashishdir.
25–26-sentabr kunlari davom etadigan kongress dasturidan
revmatoid artrit, osteoartrit, tizimli autoimmun kasalliklar, podagra va
mikrokristall artritlar, osteoporoz, zamonaviy farmakoterapiya hamda
reabilitatsiyaning dolzarb masalalari o‘rin olgan.
Ilmiy dasturda zamonaviy tibbiyotning yangi yo‘nalishlariga
ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, sun’iy intellekt davrida
revmatologiyaning yangi imkoniyatlari, biologik terapiya, genetik omillar,
komorbid holatlarni boshqarish va zamonaviy diagnostika yondashuvlari muhokama
qilinmoqda.
Kongressning xalqaro geografiyasi keng. Unda O‘zbekiston
bilan bir qatorda Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Tojikiston,
Belarus, Fransiya, Singapur, Xitoy va boshqa davlatlarning taniqli olim va
mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Ular orasida Rossiya Fanlar akademiyasi akademiklari
Yevgeniy Nasonov va Vadim Mazurov, Rossiyaning bosh revmatologi Aleksandr Lila,
Yevroosiyo revmatologlar ligasi prezidenti Galimjan Togizbayev, Strasburg
universiteti professori Laurent Arnaud, Osiyo–Tinch okeani mintaqasining
yetakchi revmatologlari ham bor.
O‘zbekistonlik olimlar ham kongress ilmiy dasturida faol
qatnashib, revmatik kasalliklarni tashxislash, davolash va reabilitatsiya
qilish bo‘yicha ilmiy izlanishlar hamda amaliy tajribalarni taqdim etmoqda.
Kongress doirasida ilmiy ma’ruzalar, mavzuli seksiyalar va
munozaralar bilan bir qatorda Yosh olimlar tanlovi ham o‘tkaziladi.
VIII Yevroosiyo revmatologlar kongressi o‘z ishini davom
ettirmoqda.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti
Axborot xizmati
Rasmiy sahifalarimiz!